Xaridorning xatosi, tadbirkorning foydasi…

O‘zbekistonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xarid qilib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi. Ushbu mobil ilovadan tumanimiz aholisi qanchalik foydalanishmoqda? Xarid chekini olib  mobil ilovadan o‘tkazishimiz uchun biz faqat plastik kartochkamiz orqali savdo qilishimiz shart emas, naqd pulda savdo qilganimizda ham bizga savdo cheki berilishi kerak… 

Ammo, xarid chekini berishga tumanimizdagi tadbirkorlar bir yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsada o‘rgana olmayapdi. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga ko‘plab imtiyozlar berilmoqda. Har birimiz kundalik yumush bilan savdo do‘konlariga, ovqatlanish shahobchasiga, dorixonalarga, yoqilg‘i quyish shahobchasiga  kiramiz. Hattoki ko‘plab savdo do‘konlarida plastik kartochkada savdo qilishingizning imkoniyati mutloqo mavjud emas.Terminal turadi ammo soz emas bo‘ladi.Yo quvvati tugaydi. Oson yo‘l klik qilib bering degan javobni olamiz. Noiloj boshqa imkonimiz yo‘qligi sababli rozi bo‘lamiz. 1 foiz to‘lovini sizdan ushlaydi, tadbirkor soliq to‘lovidan ozod bo‘ladi.  Xarid chekini talab qilganimizda, chek chiqarishni bilmayman, tushunmayapman deyishadi. Hurmatli tumandoshlar, o‘z huquqingizning paymol qilinishiga yo‘l qo‘ymang! Xarid chekini so‘rashni unutmang!   

“Soliq” mobil ilovasini qanday yuklab olish mumkin?

Xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun telefonda “Soliq” mobil ilovasi o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Ilovani “Play Market” (Android) yoki “App Store” (iOS) orqali yuklab olish mumkin. Ilovaning “Umumiy xizmatlar” bo‘limida «Keshbek» tugmasini bosib, shtrix kodli (QR-kod) xarid chekini telefon kamerasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. «Keshbek» bo‘limida shtrix kod rasmi ko‘rsatilgan tugmani bosish kerak. Shundan so‘ng kamera xarid cheki shtrix kodiga yo‘naltirilsa, u avtomatik tarzda shtrix kodni o‘qiydi.

Ilovaning «Mening cheklarim» bo‘limida skaner qilingan cheklar ro‘yxati shakllanadi. Xarid cheklaridan tushgan keshbek yig‘ilib boradi va «Umumiy keshbek summasi» bo‘limida ko‘rinadi. Oy boshida o‘tgan oyda yig‘ilgan keshbek mablag‘lari to‘liq ko‘rinadi.

«Tushumlar tarixi» bo‘limida xarid chekini skaner qilish orqali yig‘ilgan keshbeklar tarixini ko‘rish mumkin. Yig‘ilgan mablag‘larni «Kartaga pul o‘tkazish» bo‘limida bank kartasiga o‘tkazib olish imkoniyati bor.

Ba`zi cheklar ilovadan ro‘yxatdan o‘tmaydi. Chunki, ayrim tadbirkorlar taqdim etadigan xarid cheklari Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan talablarga mos kelmaydi. Masalan, ba`zi hollarda xarid chekida «Fiskal belgi» va shtrix kod bo‘lishiga qaramay, uni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ilova «Chekdagi mahsulot kodi (MXIK) xato» deb ko‘rsatadi. Mahsulot kodida xatolik aniqlangan tadbirkorlik subyekti haqidagi to‘liq ma`lumotlarni soliq organlariga yetkazish kerak bo‘ladi.

Rayhon Mengziyayeva