Bugungi kunda ta’lim sifatiga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgan bir paytda, yoshlarni bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh qilib tarbiyalashda zamonaviy o‘quv markazlarining o‘rni beqiyosdir. Ana shunday maskanlardan biri — Qumqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Orzu Munchoqtepa yoshlari” o‘quv markazidir.
Mazkur o‘quv markaz 2025-yil 19-fevral sanasida tashkil etilgan bo‘lib, qisqa fursat ichida o‘zining yuqori natijalari, tajribali ustozlari va samarali ta’lim tizimi bilan yoshlar ishonchini qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Markazda xorijiy tillar hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha zamonaviy metodika asosida darslar olib boriladi. O‘quvchilar bilimini mustahkamlash, ularning mustaqil fikrlashi va oliy ta’limga puxta tayyorlanishiga alohida e’tibor qaratiladi.
“Orzu Munchoqtepa yoshlari” o‘quv markazining eng katta yutuqlaridan biri — natijalaridir. 2024–2025-o‘quv yilida markazning 138 nafar bitiruvchi abituriyentidan 127 nafari oliy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilgan. Bu esa 92 foizdan ortiq natijani tashkil etib, markazdagi ta’lim sifati yuqori darajada ekanini yaqqol ko‘rsatadi. O‘quvchilarning ko‘pchiligi nufuzli oliygohlarga muvaffaqiyatli qabul qilinib, o‘z orzulariga erishmoqda.
Markaz o‘quvchilarining yutuqlari orasida alohida e’tiborga molik natijalar ham mavjud. Jumladan, o‘quvchi Normurodova Charosxon Elmurod qizi barcha fanlardan yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, 189 ballik natija bilan muddatidan oldin tibbiyot yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etildi. Bu yutuq uning tinimsiz mehnati, ustozlarning sifatli ta’limi va markazdagi kuchli tayyorgarlik tizimining yorqin namunasi bo‘ldi.
Markazda tajribali va mas’uliyatli ustozlar jamoasi faoliyat yuritadi. Ular har bir o‘quvchining bilim salohiyatini ochish, ularni katta maqsadlar sari ruhlantirish va muvaffaqiyatga yetaklash yo‘lida sidqidildan xizmat qilmoqda. Dars jarayonlarida zamonaviy yondashuvlardan foydalanilishi o‘quvchilarning fanlarga qiziqishini yanada oshirmoqda.
Shuningdek, o‘quv markaz o‘z oldiga faqat bugungi natijalarni emas, balki yanada yuksak marralarni ham maqsad qilgan. Ayni paytda sertifikat va yakuniy natijalar bosqichma-bosqich e’lon qilinayotgan bo‘lib, markaz jamoasi tomonidan yana bir nechta yuqori ko‘rsatkichlar kutilmoqda.
“Orzu Munchoqtepa yoshlari” o‘quv markazi bugungi kunda yoshlarning bilim olish, o‘z ustida ishlash va kelajak sari dadil qadam tashlashlari uchun ishonchli maskanga aylanib bormoqda. Bilim, mehnat va qat’iyat uyg‘unlashgan ushbu dargoh kelgusida ham ko‘plab yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqarishda davom etadi.
Panjiyeva Dilnura,
amaliyotchi