BOLALARNI ZO‘RAVONLIKNING BARCHA SHAKLLARIDAN HIMOYA QILISH KUCHAYTIRILDI

Bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsiz muhitda voyaga yetishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda jabrlangan bolalarning huquqlarini ta’minlash maqsadida qonunchilikka muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Davlatimiz rahbari 2026-yil 14-oktabrda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.

Voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar uchun jazo kuchaytirildi

Qonunga muvofiq, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy daxlsizlikka qarshi ayrim jinoyatlar, jumladan, nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan, qonunda nazarda tutilgan og‘irlashtiruvchi holatlardagi qasddan odam o‘ldirish, terrorizm va boshqa ayrim jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi belgilandi.

Bundan tashqari, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlangan shaxsga nisbatan shartli hukm qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ota-onalarning mas’uliyati oshiriladi

Farzand tarbiyasi va uning xavfsizligini ta’minlash ota-onalar hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning muhim majburiyatidir. Qonunda voyaga yetmagan bolani tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llash nazarda tutilgan.

Bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotlarini tarqatish uchun ham javobgarlik belgilandi. Bunday mahsulotlar musodara qilinishi, ularni tarqatgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.

Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holatlarda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka murosasiz munosabat

Qonunda bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimlarining mas’uliyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Agar bunday xodim bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu holat mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos bo‘lishi mumkin.

Mazkur norma bolalar ta’lim va tarbiya olayotgan muassasalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, ularning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilishga xizmat qiladi.

Jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam

Qonunning muhim jihatlaridan yana biri — zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishidir.

Jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda voyaga yetmagan jabrlanuvchining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanadi. Bu esa bolaning qonuniy himoyasini kuchaytirish va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Qonunchilikdagi mazkur o‘zgarishlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, aybdorlarning javobgarligini kuchaytirish hamda jabrlangan bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Zero, har bir bolaning xavfsiz, sog‘lom va munosib sharoitda ulg‘ayishi jamiyatning kelajagi uchun muhimdir.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi devonxona mudiri Q. Zubaydullayev