Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish tartibi qanday?

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola o‘n olti yoshga to‘lguncha bola manfaatlarini e’tiborga olib, uning ismini o‘zgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab o‘zgartirishga haqlidir.
Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga o‘z familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga ko‘ra bo‘yin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.
Agar bola o‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.
O‘n yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat sho‘basi boshlig‘i Akmal Xudoyberdiyev