Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli sinovlardan biri sifatida yodga olinadi. Bu urush nafaqat jang maydonlarida, balki front ortida ham katta matonat va sabr-toqat bilan kechgan. Millionlab insonlar qo‘liga qurol olmagan bo‘lsa-da, ularning mehnati g‘alabani ta’minlashda muhim o‘rin tutdi. Ayniqsa, yurtimizdagi front orti fidoyilarining jasorati bugun ham yuksak ehtirom bilan tilga olinadi.
Urush yillarida erkaklarning asosiy qismi frontga safarbar etilgach, dalalarda, zavod-fabrikalarda ayollar, keksalar va yoshlar mehnat qildilar. Ular kechani kunduzga ulab, askarlar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak va qurol-aslaha ishlab chiqarishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Og‘ir sharoit, tanqislik va mashaqqatlarga qaramay, xalqimiz “Hammasi front uchun, hammasi g‘alaba uchun!” degan shior ostida birlashdi.
Ayniqsa, Surxondaryo vohasida ham urush davrida mehnat fidoyilari katta jasorat ko‘rsatgan. Dehqonlar davlatga reja ortig‘i bilan paxta va g‘alla topshirgan, ayollar esa erkaklar o‘rnida og‘ir mehnatni zimmasiga olgan. Yosh bolalar ham dalalarda mehnat qilib, oilasiga va davlatga yordam bergan. Bu esa xalqimizning vatanparvarligi va birdamligini namoyon etadi.
Front ortidagi insonlar nafaqat iqtisodiy yordam ko‘rsatdi, balki urushdan jabr ko‘rgan yetim bolalarni bag‘riga oldi, yarador askarlarga g‘amxo‘rlik qildi. Mehr-shafqat va insonparvarlik xalqimizning eng ulug‘ fazilatlaridan biri ekanini aynan o‘sha yillar yana bir bor isbotladi.
Bugungi tinch va osoyishta hayotimiz zamirida ana shunday fidoyi insonlarning mashaqqatli mehnati mujassam. Ularning jasorati va matonati hech qachon unutilmaydi. Yosh avlod front orti qahramonlarining hayot yo‘lini o‘rganib, Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik va sabr-toqat kabi fazilatlarni o‘zida shakllantirishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, front ortidagi fidoyilar ham urush qahramonlari bilan teng darajada ehtiromga loyiqdir. Chunki g‘alaba faqat jang maydonida emas, balki dalalarda, ustaxonalarda va mehnat maydonlarida ham qo‘lga kiritilgan.Bugungi kunda front orti qatnashchilarining xotirasini e’zozlash, ularning hayot yo‘lini yosh avlodga namuna sifatida targ‘ib qilish muhim vazifalardan biridir. Chunki mashaqqatli urush yillarida xalqimiz ko‘rsatgan sabr-toqat, birdamlik va fidoyilik bugungi tinch hayotimizning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Har bir yosh ajdodlar jasoratini bilishi, ularning mehnatini qadrlashi va Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishi zarur.
Eraliyeva Xurshida,
amaliyotchi,TerDU o`zbek filologiyasi fakulteti 4 bosqich 422-guruh talabasi