Bugun axborot texnologiyalarining imkoniyatlari «soyasida» bo‘y ko‘rsatayotgan salbiy oqibatlar axborot xavfsizligi masalasini qanchalar dolzarb mavzuga aylantirgani bor gap. Hayotimizning barcha jabhalarida yuksak texnologiyalar, raqamlashtirish asosida yaratilgan qurilmalar og‘irimizni yengil qilyapti. Bunday rivojlanish insoniyatga keng imkoniyat va qulayliklar yaratish barobarida, bir qancha xavflarni ham tug‘dirmoqda. Bu muammo birgina bizda emas, balki barcha rivojlangan davlatlarda kuzatilmoqda.
Bugun biz oddiy elektron pochta (e-email) xizmati yoki ijtimoiy tarmoqlarda maktub yozib, uni kompyuter yoki telefondagi bitta tugmani bosish orqali dunyoning istalgan joyiga bir soniyada jo‘natamiz. Ilgari an’anaviy pochta yoki telegraf xizmatlaridan foydalanish taqozo etilgan.
Yana bir misol: hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali kunning istalgan vaqtida xohlagan buyum, kiyimkechakni, kafe, restoranlardan istalgan taomni sotib olish, uyimizgacha olib kelib berishlari uchun buyurtma qilish imkonimiz bor. Shuningdek, internet tarmog‘idan bizni qiziqtirgan ixtiyoriy maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlarni olish, dunyo yangiliklaridan tezda xabardor bo‘lish, musiqa tinglab, jahon kinosidan bahramand bo‘lish, ijod namunalarimizdan tortib, reklamagacha joylashtirishimiz mumkin.
So‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan barcha soha va tarmoqlarni raqamlashtirish borasidagi sa’yharakatlar natijasi o‘laroq, ortiqcha qog‘ozbozlik, fuqarolarning idoraga borib rasmiylar bilan yuzma-yuz ko‘rishishi, navbat kutish kabi noqulayliklar kamayishiga ijobiy ma’noda ta’sir ko‘rsatayotganini ta’ kidlash joiz.
Internet, ijtimoiy tarmoqlar – axborotning cheksiz dunyosi, zamon bilan hamnafaslik vositasi. Biroq bunda insoniyatning imkonlari ortgani sayin shaxsiy, hatto biznes ma’lumotlarini almashishda ham xavotir uyg‘otadigan holatlar, aniqrog‘i, jinoyatlar va ularning turlari kundan-kunga «yangilanib» bormoqda. Avvallari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tan jarohati yetkazish, obyekt va shaxsiy xonadonlardagi o‘g‘irlik yoki oddiy aldov yo‘li bilan firibgarlik kabi jinoyatlar bilan to‘qnash kelardi. Bugun esa axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlardan aziyat chekib qolayotganlar salmog‘i ortib bormoqda.
Shu bois ushbu masalaga mamlakatimizda hukumat miqyosida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, joriy yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan choratadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va qator tashkiliy-texnik choralarni ko‘rish belgilandi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari zamonaviylashib, yangi avlod qurilmalari dunyo bo‘ylab keskin sur’atlarda ommalashib borayotgan bir vaqtda imkoni boricha shaxsiy ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga kamroq kiritgan ma’qul. O‘z sahifangizni begonalar kuzatmasligi uchun maxfiylik sozlamasini yoqish, boshqa bir qurilmadan ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga kirgan bo‘lsangiz, foydalanib bo‘lganingizdan so‘ng undan chiqib ketish singari oddiy xavfsizlik qoidalarini unutmaslik lozim. Profildan ma’lumotlarni saqlash ombori sifatida foydalanish xavfli. Xususan, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ko‘char va ko‘chmas mulk hujjatlari, mobil banking va banklarning mobil ilovalariga kirish uchun login va parollar hamda elektron bilet, yo‘llanmalar va boshqalardan foydalanganda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish zarur.
Xalqimiz tilida «O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma», degan naql bejiz yaralmagan. Ijtimoiy tarmoqlar har birimiz uchun axborot dunyosi, biroq hushyorlik, ogohlik har soniyada zarur.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining raisi B.Tagayev