Ehtiyojmand oilalarga me’yordan ortiq ishlatilgan ELEKTR va GAZ uchun pul beriladi..

Isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga quyidagi kompensatsiyalar beriladi:

– noyabrda 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam;

– elektr va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:

gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;

elektr uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridagi ehtiyojmand oilalar uchun to‘lovlar oktabr oyidan boshlab to‘lanadi.

Ehtiyojmand oila sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” tizimiga kiritilgan oilalar tushuniladi. “Mahalla yettiligi” tomonidan Yagona reestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning esa qo‘shimcha ro‘yxati shakllantiriladi.

Tuman (shahar) hokimliklari ham mahallalar kesimidagi ehtiyojmand oilalar qo‘shimcha ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritishi mumkin.

 Ehtiyojmand oilalar kompensatsiya olish uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishi kerak

Kompensatsiya oluvchi ehtiyojmand oilalar noyabr – mart oylarida (har oyning 15-sanasigacha) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahallalarda faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlarga murojaat qiladi.

Bunda, arizada pasport ma’lumotlari, abonent raqami va telefon raqami ko‘rsatiladi. Ariza berilgan oyning 27-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda o‘rganiladi.

O‘rganish natijasi asosida kompensatsiya pullari ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasigacha ehtiyojmand oilalarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

 Plastik kartasi bo‘lmagan ehtiyojmand oilalarga karta bepul ochib beriladi

Hokimliklar Xalq banki bilan birgalikda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq 2024 yil 1 noyabrgacha bank plastik kartasi bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar vakiliga bepul asosda plastik kartalar ochib berilishini ta’minlaydi.

Bandixon tumani Adliya bo’limi Yuridik xizmat ko’rsatish markazi.