UMUMXALQ HASHARI O‘TKAZILDI

Bahorning birinchi oyida tabiat uyg‘onib, ob-havo harorati isiy boshlagach odamlar dalalar va bog‘larga chiqib mehnat qilishga odatlangan. Tevarak-atrofni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida qatnashib, o‘z yerlarini toza, ozoda, ko‘rkam holga keltirishadi. Shu maqsadda tumanda muborak Ramazon oyi va Navro‘z – umumxalq bayramiga bag‘ishlangan hashar o‘tkazildi. Mehnat tashkilotlarida umumxalq hashari tashkilotchilik asosida amalga oshirildi.

Qumqo‘rg‘on tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari hasharda uyushqoqlik bilan qatnashdi. 150 nafar xodim M-41 magistral yo‘li chetida 30000 tup Katalpa manzarali daraxt qalamchalarini ekdi. Yo‘llarni tozalash, ko‘chatlarni oqlash ishlarini bajardi. Bog‘aro mahallasi hududida  daraxt ko‘chatlari ekdi. Ko‘chalarning chetidagi daraxtlarni oqladi.

Xalqimizning marhumlarni yod etish, ruhini shod etishga qaratilgan hashari qabristonlarda ham avj oldi. 512 nafar hasharchi ma`muriy binolarni oqlash, kirish darvozasini ta`mirlash, daraxtlarga shakl berish, oqlash, sug‘orish, suvoq qilish, ariqlarni qazish, manzarali ko‘chatlar ekish ishlarini bajardi.

Fermer xo‘jaliklari bog‘bonlari bahorgi hasharda faol qatnashdi. Ular o‘z yerlariga ko‘chat ekish ishlarini namunali tashkil etdi. S. Boymatov hududidagi “Boymatov bog‘i” fermer xo‘jaligida 3600 dona ko‘chat ekildi. “Abdulloh zafar bog‘i” fermer xo‘jaligi 1200 dona uzum, Sh. Mirzayev hududidagi “Begzod bodomzor dalasi” fermer xo‘jaligi 1000 dona bodom, “Otabek uzum bog‘i” fermer xo‘jaligi 1600 dona mevali ko‘chatlar, Qumqo‘rg‘on hududidagi Sarvarbek Egamberdiyev fermer xo‘jaligi 1350 dona bodom ko‘chatlarini ekishga erishdi. Qoldoshyev Ne`matjon fermer xo‘jaligi ishchilari hasharda ariq-zavurlarni qazish, daraxtlarni oqlash, tokzorlarga shakl berish, ko‘chatlar ekish ishlarini amalga oshirdi. “Javharoy joni” fermer xo‘jaligi pilla boqish uchun ozuqa bo‘ladigan tut ko‘chatlarini qadadi.

Qumqo‘rg‘on elektr ta`minoti korxonasi xodimlari bahor faslida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga yaxshi e`tibor qaratayapti. Elektriklar ma`muriy bino atrofidagi yo‘laklarni sementlab, atrofiga yam-yashil manzarali ko‘chatlarni ekdi. Yerlarni yumshatib, atrofni saranjom-sarishta qilib ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lmoqda.

                                                                                                          O‘z muxbirimiz