MO‘L HOSIL, YUQORI DAROMAD OLISH QARZLARNI TO‘LASH GAROVI

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida fuqarolarning yerga egalik hisi rivojlantirilib, dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlari bilan band bo‘lishga shart-sharoitlar yaratildi. Qonuniy asosda fermer xo‘jaliklari tashkil etilib, paxta-g‘allachilik va bog‘dorchilik tarmoqlaridagi vazifalarni bajarish topshirildi.

Tumanda jami 223 ta paxta-g‘allachilikka, 173 ta bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari mavjud. 2022 hosil yilida 7496 gektarga chigit ekilib 21214 tonna paxta, 2023 yilda 30944 tonna paxta hosili yetishtirildi. Natijada paxta hosilining 32 foizga o‘sishga erishildi. 2022 yilda 8539 gektar maydonga g‘alla urug‘lari ekilib 43549 tonna hosil yetishtirildi. 2023 yilda 43816 tonna hosil yetishtirilib, 1,1 foizga o‘sish qayd etildi. 2022 yilda bog‘dorchilik yo‘nalishidagi 1476 gektar yer maydonida 1900 tonna ho‘l meva, 600 tonna uzum, 2023 yilda 2008 tonna ho‘l meva va 696 tonna uzum ishlab chiqarildi.

Hozir ham agrar soha mahalliy ishlab chiqarishda yetakchi o‘rin egallab, iqtisodiy rivojlanishga ijobiy ta`siri kattaligi e`tirof etilmoqda. Yer maydonidan samarali foydalangan, shartnoma majburiyatlarini bajargan fermer xo‘jaliklari bor, albatta. Tuman paxta-g‘allachilik va bog‘dorchilikdan yuqori hosil, ko‘p daromad olib turgan bir paytda ayrim fermer xo‘jaliklari vazifalarini, qishloq xo‘jaligiga aloqador agrotexnik tadbirlarni bajarmay, yerdan samarasiz foydalanib hosildorlikni pasaytirib yubordi. Ishga mas`uliyatsiz yondoshib shartnoma rejalarini bajarmayapti. Soliq majburiyatlari va foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘tkazmayapti. Misollarda soliq majburiyatlarini bajarmasdan davlat budjetiga katta zarar keltirgan fermer xo‘jaliklari aniq ko‘rinadi. Jasur Chori fermer xo‘jaligi 374 mln, Toshboy Xo‘jamurodov fermer xo‘jaligi 363 mln, Qumqo‘rg‘on chorbog‘i fermer xo‘jaligi 220 mln, Abduraxmon Xoshim fermer xo‘jaligi 205 mln, Sevinch Baxtigul fermer xo‘jaligi 190 mln, Ergash bobo Juma o‘g‘li fermer xo‘jaligi 188,5 mln, Chori Xolmurodov paxtakori fermer xo‘jaligi 174,3 mln, Abdumannop G‘aniyev fermer xo‘jaligi 105 mln, Fazliddin Ismoilov fermer xo‘jaligi 85 mln, Kamol paxtakori fermer xo‘jaligi 50,1 mln, Toshtemir To‘raxon fermer xo‘jaligi 380,1 mln, Abduhalim Muhandis fermer xo‘jaligi 280,5 mln, Hojimurod Mamatraim fermer xo‘jaligi 233,1 mln, Nazarbek fermer xo‘jaligi 16,7 mln, Axmad Lochin fermer xo‘jaligi 185 mln, Qumtepa paxtakori fermer xo‘jaligi 180 mln, Fayzi Mamatmurodov fermer xo‘jaligi 72,5 mln so‘m soliqdan qarz.

Bundan tashqari, tuman elektr tarmoqlaridan qarzdorlar ro‘yxatida Abdumannop G‘aniyev fermer xo‘jaligi 349,5 mln, Jasur Chori fermer xo‘jaligi 165,1 mln, Qumqo‘rg‘on Chorbog‘i fermer xo‘jaligi 1,1 mln, Abduraxmon Xoshim fermer xo‘jaligi 8,0 mln, Chori Xolmurodov fermer xo‘jaligi 192 mln so‘m qarzdor ekanligi qayd etildi. Ular jami 715,5 mln so‘m qarzni to‘lashlari kerak.

Tumanda 163,5 gektar yer maydoniga ega 11 ta bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining 104,1 mln so‘m soliq qarzdorligi mavjud. Jumladan, Paxtaobod Fish, Qumtepa bobotog‘, Ibrohimbek Mirziyobek, Asror Abdurauf, Asror Jo‘raqobilov, Alim Muhammad bog‘i, Bog‘bonlar Yurti Surxon, Fazliddin Nasiba, Surxon gold garden, Qumqo‘rg‘on Gold garden, Furqat Bekzod dehqonlari fermer xo‘jaliklari soliq to‘lovidan qarz. Bu fermer xo‘jaliklarida normativ bo‘yicha har ikki gektarga jami 63 ta ish o‘rni yaratilishi kerak bo‘lsada, atiga 11 ta ish o‘rni ochgan.

Qumqo‘rg‘on tumanida yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmagan, qoloqlikka yo‘l qo‘ygan va shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagan fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini muddatidan oldin bekor qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Fermerlarning fikrlarini tinglaganda, qarzdorlikning asosiy qismini to‘lagan, G‘alla va paxta klasterlari, pilla tashkilotining  belgilangan qarzlarini to‘lamaganligi oqibatida ham kamchiliklar yuz bergan.

Xalqimizda “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan gap bor. Fermerlar ham, klasterlar va pilla tashkiloti  ham o‘zlariga belgilangan ishlarni mas`uliyat bilan bajarsa yutuqlar qo‘lga kiritiladi. Endi kengaytirilgan ishlab chiqarish davri davom etmoqda. Tumanning 2024 yildagi g‘alla, paxta, bog‘dorchilik mahsulotlarini yetishtirishdek ulkan va mas`uliyatli ishlarni bajarish vazifalari turibdi. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli, samarali amalga oshirib mo‘l hosil yetishtirganda, shartnoma rejalari bajarilganda dehqonlar va bog‘bonlarning yuzi yorug‘ bo‘ladi. Samara barcha ishlarning asosi bo‘lib quvonarli natijalarimiz va farovon turmush darajasini belgilaydi.

Abdurashid MIRZAYEV,

tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari