SO‘NGGI PUSHAYMON – O‘ZINGGA DUSHMAN

«Ey Odam farzandi!  Qo‘lingni ko‘kraging ustiga qo‘y. Nimaniki o‘zing uchun yaxshi ko‘rsang, o‘zingdan boshqasi uchun ham uni yaxshi ko‘r.

Ey Odam farzandi! To rizqini ham yaratmaguncha, birorta a`zongni yaratmadim.

Ey Odam farzandi!  Agar seni soqov qilib yaratganimda til uchun, ko‘r qilib yaratganimda ko‘z uchun, kar qilib yaratganimda quloq uchun hasrat chekkan bo‘larding. Bas, bergan ne`matimning qadriga yet, Menga shukr qil, kufr keltirma, chunki Menga qaytajaksan.

Ey Odam farzandi! Senga taqsimlab qo‘ygan narsam talabida o‘zingni qiynama. Senga taqsimlagan har bir narsam to tugagunicha, o‘zi seni talab qilib boradi.

Ey Odam farzandi!  Meni o‘rtaga qo‘yib yolg‘on qasam ichma. Kim Mening nomim bilan yolg‘on qasam ichsa, do‘zaxga kiritaman.

Ey Odam farzandi!  Bergan rizqimni yeganingdan so‘ng toatimga kirish.

Ey Odam farzandi! Mendan ertaning rizqini so‘rama, chunki Men ham sendan ertaga qiladigan amalingni (bugun) talab qilayotganim yo‘q-ku!

Ey Odam farzandi!  Men sening ozgina amalingga roziman. Sen esa bergan ko‘p rizqimga ham rozi emassan.

Ey Odam farzandi!  Agar dunyoni bandalarimdan birortasiga qoldirganimda albatta uni payg‘ambarlarimga qoldirgan bo‘lardim, ular (shu dunyo orqali) bandalarimni toatimga va buyruqlarimni bajarishga chaqirgan bo‘lardilar.

Ey Odam farzandi! Senga rizq etib bergan moldan Mening haqqimni chiqarmasang va kambag‘allarni u moldagi haqlarini olishdan to‘ssang, ustingda shunday bir zolim hukmron qilinadiki, u sendan molni tortib oladi, Men ham mol tufayli keladigan savobdan seni mahrum qilaman.

Ey Odam farzandi! Agar dunyo sen tomon yuz tutsa, o‘limni esla, agar gunohni qasd qilsang, tavbani esla, mol-dunyo qo‘lga kiritsang, hisob-kitobni esla, taomga o‘tirsang, ochlarni esla, nafsing zaifni (jazolashga) undasa, Allohning sening ustingdagi qudratini esla. Agar Alloh xohlasa, qudratini ustingda hukmron qilib qo‘yadi. Agar ustingga bir balo tushsa, «La havla vala quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym»ni aytish bilan yordam so‘ra. Agar kasal bo‘lsang, nafsingni sadaqa bilan muolaja qil. Agar senga biror musibat yetsa, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», «Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz u Zotga qaytguvchilarmiz» (Baqara, 156) degin».

                                                                  Botir AMINOV,

            Axadxon jome masjidi imom xatibi.

    Imom G‘azzoliy “Qirq hadisi qudsiy”dan.