BOBUR SHE`RIYATI MA`NAVIY MEROS

O‘zbek mumtoz she`riyatida nazm va navo deb atalmish ikki ulkan, ahamiyati be`qiyos tafakkur chashmalari dillarga singib dimog‘ni chog‘ qiladi. Adabiyot muxlisi g‘azal, ruboiy, tuyuq, doston kabi janrlarda yozilgan she`rlarni o‘qib ma`nolari-yu ohangdorligidan zavqlanadi. Ularni yodlab davralarda, she`rxonlik tadbirlarida his-hayajon bilan ifodali aytishadi. Yosh avlodning xat-savodi chiqib, kitobxonlik madaniyati shakllangach, mumtoz adabiyot namoyandalari asarlarini intiqlik bilan qiziqib o‘qiydi.

 Tafakkurini rivojlantiruvchi badiiy adabiyot namunalari bo‘lgan ijodi ularning yodida uzoq vaqt saqlanadi. Ular XV asrda yashab, ijod qilgan ulug‘ alloma Zahiriddin Muhammad Bobur she`riyatini yaxshi ko‘radi. Chuqur hurmat bilan yondoshib sara ijod namunalarini orziqib o‘qiydi. Chunki ulkan shoir she`riyati ma`noli va ohangdor. Alloma ijodiga mansub she`rlardan namunalarni o‘qisangiz bunga amin bo‘lasiz.

Ash`orinkim, she`r oti to bo‘lg‘ay,

Tab` ahli anga volavu shaydo bo‘lg‘ay,

Har lafzu duru bahri mavoniy anda,

Kim ko‘rdi dureki, anda daryo bo‘lg‘ay.

                         X X X

Ahbob, yig‘limoqni farog‘at tutungiz,

Jamiyatingiz borini davlat tutungiz,

Chun gardishi charx budurur, tengi uchun,

Bir-birin necha kune g‘animat tutungiz.

Mumtoz adabiyot vakili bo‘lmish shoirning bu she`rlari yozilgan vaqtdan ko‘p yillar o‘tsa-da adabiyot muxlisi uchun ma`nolar xazinasi, tafakkurini rivojlantiruvchi ma`naviy manba sanaladi.

Surxon zaminida she`riyatga mehr qo‘ygan, she`rlarning mazmunidan, ohangidan zavqlanadigan odamlar ko‘p. Ular orasida Bobur ijodini yaxshi biladiganlar ham bor. Yana quvonarli tomoni iste`dodli ijodkorlar orasida Bobur ijodi haqida she`rlar yozgan, ular kitoblarda nashr etilgan shoirlar ham yetishib chiqdi. O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘zining  “Boburnoma” sarlavhali she`rida shunday yozgan.

Buni Bobur o‘zi qurgan,

Qalb qoniyu so‘zi qurgan,

Tojmahaldan ham zo‘r qurgan

“Boburnoma” –

Kabir noma.

Sheryurakli mard o‘g‘lonlar,

Yovqur beklar va sultonlar.

Yashar yana ming zamonlar.

“Boburnoma” –

Botirnoma.

Ulug‘ allomalarning nomlari va ijoddagi yutuqlari yosh iste`dodlarning she`rlarida ifodalanmoqda. Ijodiy muloqotlarda buyuk shoirlarning ma`rifatparvarligi, nazmdagi mahorati haqida to‘lqinlanib gapirmoqda. 

                                                                                          N. MUHAMMADIYEV