TAQDIRNING ACHCHIQ QISMATI

YOXUD TILAMCHILIK QILAYOTGAN ERKARLAR HAQIDA

Xalqimizning farzandlarni tarbiyalashda o‘ziga xos jihatlari ko‘p. O‘g‘limning iligi to‘liq bo‘lsin, deb qo‘y goshti iligini yedirishadi. Unga bu kuch-quvvat beradi. Sog‘lom va baquvvat o‘sgan o‘g‘il kurash tushganda tengdoshiga yengilmaydi. Balki uni yiqitib, kuragini yerga tekizib g‘olib chiqadi. Farzandi oilaning or-nomusini himoya qilib, ota-onasiga obro‘ keltiradi.

Ota-onalar farzandlarim katta yoshga yetganda qiynalmasin, deb o‘ylab, unga bolaligidan mehnat qilishni o‘rgatadi. Oilada bola hali 2-3 yoshligidanoq menhat qilishga o‘rganadi. Dasturxonga sochiq olib keladi, choy ichish uchun piyolani olib beradi va hakozo. Qishloq joylarda odamlar tomorqasida mehnat qilib, ro‘zg‘orini but qilish uchun meva-sabzavot yetishtiradi. Buning uchun yerga ishlov berish, tekislash, agat ochish, urug‘ ekish, nihollarni parvarishlashga doir ko‘p ishlarni bajaradi. Bu ishlarda ota-onalarga eng yaqin yordamchi o‘g‘llari bo‘ladi. Bolalar yoshlik chog‘idan dehqonchilik ishlarini bajarib, zuvalasi pishiydi. Meva-sabzavot yetishtirib, mazasini totadi, to‘yib yeydi. Ozmi-ko‘pmi shu mehnat tufayli daromad topishni o‘rganadi.

Ota-onasining mehribonligi, mehnatsevarligi bolasiga o‘tadi. Keyingi yillarda tomorqasida dehqonchilik qilib mo‘may daromad topayotgan, uy qurgan, yangi rusumli mashina sotib olib el orasida obro‘ ortirgan o‘g‘illar ham borligi insonlarni quvontirayapti.

Biroq sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek xalqimiz orasida dangasa, telinxo‘r, ishyoqmas, noshud o‘g‘illar uchrayotganligi achinarli. Eng achinarli jihatlaridan yana biri hech qayerda ishlamay, pul topmay, ro‘zg‘orini kechirishga qiynalayotgan erkaklar ham afsuski uchramoqda. Bir vaqtlar binoyidek maktabda o‘qigan, tengdoshlari orasida o‘z o‘rni, aytar gapi bo‘lgan, hatto oliy ta`lim dargohiga ham o‘qishga kirgan odamlar turmush kechirishdan qiynalib qolganligi taajjublanarli. Ular qayerda adashdi ekan? Tevarak-atrofdagilar ishsizlikdan qutilishning yo‘li tomorqasida dehqonchilik qilish, deb tushunadi. O‘z mehnati bilan shaxsiy hayotini to‘g‘ri tashkil etayotgan, yaxshigina daromad olib qorni to‘q, usti but yashayotgan odamlar bor. Ular ko‘pchilik ekanligi ham yurakka taskin beradi. Falonchi el orasida yaxshi ishlab, yaxshi yashayapti, deb o‘ylashimiz ham bor gap.

Xo‘sh, nega unda ayrim odamlar noto‘g‘ri yo‘lga, boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Kimningdir aybi bilan oliy ta`lim dargohida o‘qishini tamomlamagan bo‘lsa u alamidan o‘zini qiyinchiliklarga duchor qilishi shart emas. Aqli, farosatini yig‘ib, el qatori foydali mehnat bilan shug‘ullansa halol yo‘l bilan pul topadi-ku. Biz yaxshi odamlar shunday o‘ylaymiz. U-chi. U yengil-yelpi hayot yo‘lini tanlagan. O‘zga odamlarning uyiga borib 5000 so‘m, 10000 so‘m so‘rab, tilamchilik bilan pul to‘pishga ruju qo‘yishni ep deb biladi. Aqlli, halol mehnat qilib hayot kechirayotgan odamlarning pand-nasihatlari ham kor qilmayapti.

Ko‘r hassasini kechasi ham topadi, deganlaridek tilamchi erkaklar o‘ziga o‘xshagan bangilarning imo-ishorasi-yu, uzoq masofadan yetkazgan qo‘shtirnoq ichidagi gapini tez bilayapti. Ko‘chadan ishli, toparman odam o‘tsa tezda sherigiga gap yetkazib, uning uyiga tilamchilikka yuborayapti. Qishloq ko‘chalarida shirakayf, aroq ichishga mukkasidan ketgan, o‘zini kasal ko‘rsatib, davolanish uchun pul so‘rab uyma-uy yurgan erkak atalmish kimsalarni ko‘rganda hayot zulmatga aylangandek bo‘ladi. Zamonamizda qanchadan-qancha yangiliklar, ijobiy o‘zgarishlar, rivojlanishlar bo‘layapti. Odamlar o‘zining sa`y-harakatlari bilan ishlab, turmush kechirmoqda. O‘ziga to‘q, xursand yashayapti. Tilamchilikka ruju qo‘yib o‘z obro‘sini to‘kayotgan, oilasining sha`nini toptayotgan tilamchilar esa ortiqcha matohdek ta`bni xira qilmoqda. Shu illatni bartaraf qilishning qanday yo‘li bor? Tilamchilik bilan kun ko‘rayotgan kimsalarga qanday choralar ko‘rsa bo‘ladi? Bu kabi savollarga javob izlab boshimiz ham qotdi. Siz nima deysiz, nima ish qilinsa tilamchilik barham topadi, tilamchilar el qatori turmush kechiradi?

            N. MUHAMMADIYEV