YANGI YIL BAYRAMINI NISHONLASHDA XAVFSIZLIK CHORALARI

Har yili yurtimizda yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida tumanlar markazlarida “Prezident archasi” tadbiri bo‘ladi. Ushbu tadbirni o‘tkazish davrida fuqarolarimizning namunali dam olishlari uchun xavfsizliklarini ta`minlash asosiy vazifalardan biridir. Yangi yil bayrami davomida archa atrofida favqulodda vazifalarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta`minlash uchun tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan ham o‘rnatilgan archa maydoni atrofida yashovchi fuqarolarning yashash xonadonlari va yaqin masofada joylashgan ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlarining obyektlari ham to‘liq o‘rganilib, yong‘in xavsizligini ta`minlash yuzasidan tegishli takliflar va tavsiyalar berildi.

“Prezident archasi” tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta`minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rilib, archa ustuni mustahkamligi hamkorlikdagi tashkilotlar vakillari ishtirokida tekshirilib, har kunlik nazorat uchun tuman FVB, IIB va Milliy gvardiya bo‘limi xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi.

Hurmatli tumanimiz fuqarolari, Yangi yil bayramini ko‘ngildagidek o‘tkazish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta`minlash uchun “Prezident archasi” tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohi hududida tashlilotlar, mahallalar hamda yashash uylaringizda bir qancha xavfsizlik choralarini ko‘rishingiz maqsadga muvofiq hisoblanadi. Buning uchun quyidagi tavsiyalarni bildiramiz:

–        pirotexnika buyumlarini ishlatmaslik;

–        bezatilgan archa atrofida ochiq olov yoqmaslik, sigaret chekmaslik;

–        elektr simlarini va gaz moslamalarini mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish;

–        bitta elektr rozetkasiga bir nechta elektr qurilmalarini ulamaslik;

–        qo‘lbola elektr va gaz moslamalaridan foydalanmaslik;

–        elektr va gaz moslamalarini yoqilgan holda qarovsiz qoldirmaslik;

–        xonadonlarda isitish tizimlari dudburonlarni tozalash;

–        yosh bolalar va qariyalarni yolg‘iz qoldirmaslik kabi choralarni ko‘rishingiz so‘raladi.

Yuqoridagi yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilish bilan o‘zingiz, yaqinlaringiz hamda mol-mulkingizni avaylab, asragan bo‘lasiz.

Yangi kirib kelayotgan 2024 yil barchamizning xonadonimizga qut-baraka olib kirsin.

                                                                                                     B. BOBOQULOV,

Qumqo‘rg‘on tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik