Exinokokkoz kasalligi va undan       saqlanish yo‘llari

Exinokokkozning qo‘zg‘atuvchisi – exinokokk bo‘lib, uncha katta bo‘lmagan tasmasimon gelmint hisoblanadi. Exinokokkning oxirgi xo‘jayini asosan (kasallik manbai) itlar, bo‘rilar, shaqollar sanaladi. Ularning ichagida voyaga yetgan exinokokk rivojlanadi va voyaga yetgan parazit hayvonlarning najasi yoki anus (orqa chiqaruv teshigi) orqali o‘rmalab chiqib tashqi muhitga tuproqqa, o‘tlarga tushadi.

Exinokokkning tuxumlari tashqi muhitga nihoyatda chidamli. Ular suvda 12 kungacha, 0 gradusda 6 kungacha yashashi mumkin. Exinokokk pufagining kattaligi tariq donidan to bolaning boshidek keladigan kattalikda bo‘ladi. Odamlar uchun muhim epidemiologik ahamiyati bo‘lgan invaziyaning aylanib turishi quyidagi tarkibni o‘z ichiga oladi: It – Qo‘y – It (Exinokokk qo‘y podasining izidan yuradi, deb yozgan edi mashhur gelmintolog Shults) shimolda esa It – Bug‘u – It tarzida bo‘ladi.

Odamlarga kasallik hayvonlar (asosan itlar bilan) yaqin muloqotda bo‘lganda yuqadi.

Alomatlari. Hayot uchun og‘ir va havfli bu gelmintozning klinik kechish xususiyatlari pufaklarning qaysi organda joylashganiga, ularning mexanik shikastlovchi ta`siri darajasiga, parazitlarning toksinli va allergiyali moddalarni ko‘p ajratishiga bog‘liq. Exinokokkoz xilma-xil kechadi. Kasallik ko‘pincha asta-sekin rivojlanadi, biroq ba`zi sabablarga ko‘ra exinokokk pufakchalari tez o‘sib ketishi mumkin. Exinokokk bilan og‘rigan bemorlarda ba`zan tana harorati ko‘tariladi, bunga parazit yoki yon-atrofining yallig‘lanishi natijasida organizmning zaharlanishi sabab bo‘ladi. Exinokokk pufakchasi teshilganda yoki yiringlaganda tana harorati 38-39 C gacha ko‘tariladi va uzoq vaqt saqlanib turadi, bemorning a`zoyi-badani titrab qaqshaydi. Odam exinokokk kasalligiga uchraganda boshi og‘riydi, ishtahasi yo‘qoladi, darmoni quriydi, tutqanoq tutishi, falaj bo‘lib qolishi, nafas  bo‘g‘ilishi, kamqonlik yuz beradi. Bu kasallik ayniqsa bolalarda og‘ir kechadi.

Qanday davolanadi? Exinokokkozning asosiy davo usuli jarrohlik operatsiya bo‘lib, uni samarali davolashning yaxshi tugashi kasalliklarni erta aniqlash muddatlariga bog‘liq. Ko‘p hollarda kechikib tashxis qo‘yish sababli exinokokkozli bemorlarga qiyinchilik bilan davo qilinadi.

Kasallikning oldini olish uchun nimalar qilish kerak? Exinokokkozga qarshi kurashish uchun aholi yashaydigan joylarni obodonlashtirish, sanitariya-maorif ishlarini keng yo‘lga qo‘yish, aholining tibbiy bilimini oshirish, ularga exinokokkoz kasalligi nima ekanligini tushuntirish kerak.

Exinokokk asosan itlardan yuqadi. Shuning uchun daydi itlarni yo‘qotish, xonadonlarda va xo‘jaliklarda itlar sonini kamaytirish, ularni doimo nazorat qilib borish va degelmintizatsiya o‘tkazish kerak. Profilaktika tadbirlari tibbiyot, veterinariya, kommunal xizmati xodimlari va ovchilar brigadasi bilan o‘zaro kelishib ishlaganlarida muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.

Exinokokkoz bilan og‘rimaslik uchun nimalarga amal qilish kerak?

-bolalarni har xil hayvonlar bilan muloqotda bo‘lgandan so‘ng, albatta, qo‘lini iliq suvda sovunlab yuvishga o‘rgatish; -bolalarning itlar bilan o‘ynashiga yo‘l qo‘ymaslik; -molxonalarni va hayvon saqlanadigan joylarni faqat katta yoshli odam maxsus kiyimda yig‘ishtirib tozalashi; -aholi yashaydigan joylardagi ichish va xo‘jalik maqsadlarida ishlatiladigan ochiq suv havzalariga it va boshqa hayvonlarni yo‘latmaslik;

-bolalar bog‘chalarida hayvonlar bilan ayniqsa itlar bilan o‘ynash xavfli ekanligi haqida suhbatlar o‘tkazish, bunda plakat va fotosuratlardan foydalanish, kasallikning qaysi yo‘l bilan tarqalishini tushuntirish;

-maktablarda exinokokning odamlarga yuqish yo‘llari va uning oldini olish tadbirlari haqida suhbatlar, exinokokkozning oldini olish bo‘yicha tematik diktantlar tashkil qilish;

-salomatlik burchagiga exinokokkozning kelib chiqishi va oldini olishga doir plakatlar, kitobchalarni qo‘yish va sanitar byulletenlarni chiqarish;

-itlarga qo‘yning boshini hamda qo‘yning, qoramol, tuya va cho‘chqalarning tekshirilmagan xom a`zolarini bermaslik, itlarni molxonalarga kiritmaslik;

-itlarga alohida idish-tovoq tutish va ularni oshxonaga kiritmaslik;

-oziq-ovqat mahsulotlarini it tegmaydigan joyga qo‘yish lozim.

Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish sog‘ligingiz garovidir!

           T. ALLAYAROV,

Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JS bo‘limi vrachi

         M. XOLBEKOVA,

     vrach yordamchisi