YANA BIR SPORT TURI RIVOJLANMOQDA

Qo‘l jangi sport turi o‘ziga xos sport usullariga ega. Bu sport usullarini sportchilarga o‘rgatadigan murabbiylar tayyorlanib, zarur moddiy-texnik baza mustahkamlandi. Iqtidorli yoshlarga jismoniy-ma`naviy tayyorgarlik ko‘rish va musobaqalarda qatnashish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Bunday imkoniyatdan bahra olayotgan umidli sportchilar kuchli va jasur bo‘lib ulg‘aymoqda.

Qumqo‘rg‘on tuman “Sherzod” sport klubi 2022 yil 1 avgustda tashkil etildi. Sport zali bunyod etilib, o‘tgan yili 500 million so‘mlik trenajorlar olib kelinib, o‘rnatildi. Sport gilamlari, sport kiyimlari bilan ta`minlandi. Murabbiylar Bozor Normatov, Sherzod Toshboyev mahalliy va respublika miqyosidagi mahoratli murabbiylarning mashg‘ulotlarida qatnashib, ularning tajribalarini o‘rgandi. Tuman markazidagi “Sherzod” sport klubining shinam va yorug‘ zalida ikkiyuzdan ziyod yoshlarga qo‘l jangi va MMA aralash jang san`ati usullarini o‘rgatmoqda. Har kuni 24 soat mobaynida zal ochiq. Uchta konditsioner qo‘yilgan bo‘lib, yozda salqin, qishda issiq. Sport bilan shug‘ullanib, kerakli usullarni o‘rganish uchun qulay sharoitlar mavjud. Yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan sportchilar ko‘p marta respublika kubogi va chempionatida ishtirok etib, sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Tuman markazida yangi sport zali ochilib, tez fursatda bunday natijalariga erishayotganligi quvonarli, albatta.

        N. MUHAMMADIYEV