QO‘SHNICHILIK MUNOSABATLARINI MUSTAHKAMLAYLIK

Muqaddas   Islom   dinimizda  qo‘shnichilik haq-huquqlariga   katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, qo‘shnimiz kim bo‘lishidan   qat`iy   nazar   ular   bilan   qo‘shnichilik    burchimizni   ado     etishimiz   zarur. Inson   hayoti    davomida  jamiyatdan   ajralib   kun     kechira   olmaydi.  Atrofdagilar bilan  turli   ijtimoiy   aloqalar   o‘rnatadi. Har qanday   holatda   ham    oila,  mahalla   va   jamiyat   ichida   bo‘ladi. Tabiiyki, hayoti  davomida   uning   atrofdagilarga   nisbatan  huquq  va  burchlari   paydo    bo‘ladi. Har bir narsaning haqqi bo‘lganidek  Islom dinida    qo‘shnichilik haqqi ko‘p. Ularning barchasi qo‘yidagi to‘rtta  haqqa bog‘lanadi.

1.  Qo‘shniga ozor bermaslik. Qo‘shniga ozor berishlik shariatimizda qattiq qoralanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Qo‘shnisi uning ozori va yomonligidan omonda bo‘lmagan jannatga kirmaydi ”  deganlar. (Imom Muslim rivoyati). 

Jannatga kirish uchun inson bir masjidga, biron bir bozorga borishi, savdo yo‘lida yurishi va hatto yashab turgan uyining o‘zida qo‘shnisiga yaxshilik qilib bo‘lsa ham jannatga kirishini alayhissalom o‘zining muborak hadislarida ta`kidlamoqda. Jamiyatda shunday qo‘shnilar borki, qo‘shnisi uning yomonligidan chiday olmay uyini sotib ko‘chib ketishga majbur bo‘layapti. Yana Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bir kishi  Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga: “Yo Rasululloh bir ayol kechalari bilan ibodat qilib chiqadi, kunduzlari esa ro‘zador. Vaqti-vaqti bilan ehson ham qilib turadi. Lekin, qo‘shnisi uning tilining zaharligidan ko‘p aziyat chekadi”-dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Unda hech qanday  yaxshilik  yo‘q. U do‘zax ahlidandir”-dedilar. Bu ayolni  tilining zaharligidan qilgan xayrli amallarini yopib do‘zax ahlidan bo‘lishiga sababchi bo‘layapti. Rasululloh sallallohu alayxi vasallamning  oldilariga ikkinchi bir ayolni vasf qildi: “Yo Rasululloh yana bir ayol borki, u kunduzlari  Alloh taolo farz qilgan namozlardan boshqasini o‘qimaydi. Kechasi turib nafl ibodat ham qilmaydi. Lekin, tili bilan hech bir kishiga ozor bermaydi” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Unda yaxshilik bor u jannat ahlidandir”-dedilar.

2.  Qo‘shnini himoya qilishlik. Qo‘shniga qilingan tajovuz, unga qilingan kamsitilish borasida himoya qilish. Bu to‘g‘rida mazhabboshimiz Imomi A’zam (r.a.)ning aroq ichuvchi qo‘shnisini qamoqxonadan qutqarib uni  himoya qilganligi so‘zimizning isbotidir. Imom A’zam (r.a.) ga bu aroq ichuvchi qo‘shnisi ko‘p aziyat berar edi. Hatto kechasi mutoala qilayotgan paytda ham Hazratga ko‘p bor xalaqit berar edi. Hazrat qo‘shnisini qamoqqa tushganini eshitib uni himoya qilib ozod qiladi. Bu bir musulmonning o‘z qushnisiga yaxshilik qilib himoya qilganligidan dalolat beradi.

3.  Qo‘shniga ehson va yaxshilik qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:  “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, bas, qo‘shnisiga ikrom qilsin”- dedilar. Yana bir hadisda Abu Zar G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Zar G‘ifforiy (r.a.) ga : “Yo Abu Zar, agar sen sho‘rva  qilsang bas, suvini ko‘proq qilgin va qo‘shnilaringdan ham xabar olgin” –dedilar. Qadimda mana shu odat keng tus olgan. Buvilarimizning hikoya qilib berishicha   ikki qo‘shni orasida bir kosa bo‘lib, ushbu kosaga biror narsa to‘ldirilib qo‘shnilar orasida bordi-keldi qilinar edi deb aytganining guvohi bo‘lganmiz. Hozirda bu odat unitilib ketayapti. Gohida chaqiriqlarga borganimizda kazo-kazo odamlarning  kelganiga guvoh bo‘lamiz-u, ammo o‘zining kambag‘al qo‘shnisini chaqirilmaganining shohidi bo‘lamiz.

4. Qo‘shnisidan kelayotgan ozorlarga sabr qilish.  Birinchi haq qo‘shniga ozor bermaslik bo‘lsa, to‘rtinchi haq qo‘shnidan kelayotgan ozorlarga sabr qilishdir. O‘tgan ulamolarimiz buni yaxshi anglaganlar va anglatib berganlar. Hasan  Basriy (r.a.) aytadi: “Chiroyli ish qo‘shniga ozor bermaslikning o‘zi emas, balki ulardan kelayotgan yomonliklarga sabr qilishdir”. Aslini olganda boshqacha. Yomonlik qilgan odamga uning yomonligiga yarasha javob qilishga haqlidir. Lekin, qo‘shnidan yomonlik ko‘rganda undagi aziyatga sabr qilish fazilatdir.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz lozimki, yuqoridagi qo‘shnichilik haqlariga rioya etsak, qo‘shnilar orasidagi munosabatlar mustahkamlanib uzilgan rishtalar bog‘lanadi. Alloh taolo qo‘shnilarimiz orasida mehr-u muhabbatni ziyoda aylasin!

                H. ZAYNIYEV,

Qumqo‘rg‘on tuman bosh imom xatibi