Binafsha labida, yerlarda bahor

Bahor faslini bejizga fasllar kelinchagi deyishmaydi.Kelinchak bir oilani gullab yashnatsa, bahor fasli esa butun borliqni. Hech e`tibor berganmisiz? Bahor fasli kirib kelishi bilan nafaqat tabiat balki butun borliq, jamiki tirik jon jonlanadi. Insonlar qalbida qandaydir jo‘shqinlik mavj uradi. Ko‘rkam ko‘klamning huzurbaxsh nafasi ko‘ngillarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Butun borliq uyg‘onadi. Qir-adirlarda maysalar nish urib chiqa boshlaydi. Qish davomida uyquda bo‘lgan dov-daraxt shoxlarida yaproqlar kurtaklarni yorib, quyosh nurlariga talpinadi. Tabiat yashillikka burkanadi.

Bog‘-rog‘lar gullarga ko‘miladi. Qushlarning sayrashi qalblarga quvonch ulashadi.

Har yili mamlakatimizda bahorning ilk kuni O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludi bilan uyg‘un nishonlanadi. Zero, shoiraning yuksak insoniy fazilatlari bugun ham yoshlar uchun ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning sermahsul ijodi, go‘zal she’riyatini barcha adabiyot ixlosmandlari sevib o‘qiydi.Zulfiyaxonim muazzam adabiyotimizda o‘z nazmiy uslubiga, o‘ziga xos ijodiy olamiga ega ijodkorlardan.Shoiraning she’rlari adabiyot muxlislarini o‘ziga butunlay rom etdi, ijodiy istiqboli porloq ekanini ko‘rsatdi.

Hayotdagi barcha go‘zalliklar ayolga bo‘lgan muhabbat tufayli yuzaga kelgan, deyishadi. Qaysi sohada ishlamasin, xoh uy bekasi bo‘lsin, farzand tarbiyachisi bo‘lsin, xotin-qizlarimiz ilm-u hunari, mehr-u muhabbati bilan hayotning har bir kuniga yanada chiroy bag‘ishlaydi. Shoiraning she’rlarida ayollar dunyosi alohida o‘rin tutishida ham katta ma’no bor. Shu sababli uning ijodi, ibratli fazilatlari ko‘pchilik qizlar uchun namuna olishga arzirli ijodkor sifatida yodga olinadi.

…Salqin saharlarda, bodom gulida,

Binafsha labida, yerlarda bahor.

Qushlarning parvozi, yellarning nozi,

Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Ushbu go‘zal satrlar ila boshlanuvchi go‘zal she’r necha yillardan buyon o‘quvchilar orasida tillardan tushmay, hirgoyi qilib kelinadi. Mana shunday hayotbaxsh, umrboqiy she’rlari bilan qalblarga yoshlik zavqi, bahoriy kayfiyat ulashgan Zulfiya tavalludiga bu yil 108 yil to‘ldi.

Ardoqli o‘zbek shoirasi Zulfiyaxonim Isroilova 1915 yilning 1 martida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning adabiy merosi nihoyatda boy bo‘lib, o‘nlab kitoblari o‘zbek adabiyoti xazinasidan mustahkam o‘rin olgan. Shoira nafaqat badiiy ijodi bilan, ayni paytda o‘zbek ayoliga xos vafo va sadoqat timsoli sifatida ham xalqimiz mehrini qozongan. Uning “Dalada bir kun” , “Tong qo‘shig‘i” nomli she’rlar turkumi, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Kuylarim sizga” kabi to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi.

Zulfiyaning o‘rta maktab darsligiga kirgan “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’ri ham onalik baxti, mehri, tilagi bilan yozilgan, desak mubolag‘a emas. Sababi o‘sha yillari Ikkinchi jahon urushi tahlikasi shoira ijodiga ta’sir o‘tkazgan.Uning “Mening o‘g‘lim hayotga kerak”, degan bitiklari bugun ham barchamizga osuda zamonamizning qadriga yetishga undaydi.

Zulfiyaxonim o‘zining boy adabiy merosi, faol jamoat arbobi sifatidagi faoliyatida o‘zbek ayollarining salohiyati naqadar yuksak ekanini ko‘rsatib, latif ijodi bilan millionlab kishilarga ezgulik, muhabbat va sadoqatdan saboq berdi. Har aytgan so‘zi qalbda ezgulik, haqiqat, timsoli bo‘lib muhrlanadi.

Umuman olganda, shoiraning she’rlari haqida ko‘p gapirish mumkin. Uning she’rlarini o‘qir ekanmiz o‘zbek ayoliga xos va mos bo‘lgan hayo, ibo, insoniylik, sadoqat, muhabbat kabi tuyg‘ular yuragimizda o‘z-o‘zidan jo‘sh urib ketadi. Shundan bo‘lsa kerak, uning she’rlari qalbimizda hanuzgacha jaranglaydi.

Rayhon Mengziyayeva