Inson yaralgandan buyon tabobat bilan shug‘ullanib keladi. Odam bolasi eng boshida tananing shilingan, lat yegan joylariga turli tabiiy giyohlardan malhamlar qo‘ygan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bu tajribalar yuksalib, ilm darajasiga ko‘tarildi. Tabobat ilmining kirish bo‘limlaridan biri biz ushbu kitobimizda gapirmoqchi bo‘lganimiz mizojdir. Bu ilm insoniyatning hayotiy tajribasi, tafakkuri, kuzatishlari natijasida shakllanib borgan.
Ustozdan shogirdga, avloddan avlodga meros qilib qoldirilgan, kitob, risola shaklida keyingi asrlarga yetkazilgan. Mohir ustozlar mizojni taxminan yetmishga bo‘lishgan. Biz esa, ushbu kitobimizda mizojni to‘rt turga bo‘ldik. Tadqiqimizga ko‘ra, har bir mizoj belgilari 50 foizdan oshsa, o‘sha to‘rt mizojning biriga taalluqli deb hisoblaymiz. To‘rt mizojning har biri yakka holda ko‘rilganida boshqa o‘ziga yaqinroq bir mizojga o‘xshab ketishi mumkin (20–30 foiz). Masalan, issiq-ho‘l mizojli kishi balg‘am mizojli kishiga ham o‘xshashi mumkin. Aytaylik, issiq-ho‘l mizoj belgilari 65 foiz, balg‘am mizoj belgilari 25 foiz, qolgan 2 xil mizoj belgilari esa 5 foiz bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, issiq-ho‘l mizoj savdo mizojli kishiga yoki safro mizojli kishiga yaqinroq bo‘lishi ehtimol. Mizoj insonning fe`l-atvori shakllanishiga ham ta`sir ko‘rsatadi. Agar odam mizojiga ko‘ra yashasa, kasal bo‘lmaydi. Demak, mizojini buzmasdan saqlash uchun inson ovqatlanishga, yashash tarziga, atrof-muhitga, nafsoniy holatlarga alohida e`tibor berishi kerak.
Mizoj – tanadagi turli quvvatlar va energiyaning bir-biriga ta`siri natijasida kelib chiqadigan faoliyat turidir. Mizoj tarkibi ruhiy quvvat va energiyadan iborat. Mizoj yeydigan taomlarimizdan, tevarak-atrof va muhitdan, ya`ni havo va quyosh nuridan, turli xil to‘lqinlar va hokazolardan quvvat oladi. Mizoj – tanamiz va markaziy boshqaruv tizimini bog‘lab turadigan vositadir. Mizojning asosiy vazifasi tanadagi a`zolar faoliyatining ijrochisi sifatida ishtirok etishdir. Markaz buyruq beradi, mizoj esa ularning tana a`zolari va hujayralarga yetib borishini ta`minlaydi. O‘z navbatida, mizoj a`zo va hujayralardagi axborotni markazga yetkazib beradi. Shu tariqa tana a`zolari va markaziy boshqaruv tizimi orasidagi axborot almashinuvi uzluksiz davom etadi va mizoj ana shu jarayonning tizimli ravishda ishlashini ta`minlaydi.
Mizoj markaz va tana a`zolari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi-vositachi vazifasida namoyon bo‘lib, o‘zi mustaqil ravishda birorta a`zo yoki hujayra paydo qila olmaydi. Agar shu tizim buzilsa, har xil kasalliklar kelib chiqadi. Mizojning quvvatlanishini quyidagi misol bilan tushuntirishga harakat qilamiz.
Misol uchun, bir dona olma iste`mol qildik. Olma me`daga tushib, parchalana boshlaydi. Hazmda ishtirok etadigan yettita qism (zona) ta`sirida undan ikki xil xilt paydo bo‘ladi: 1. Qon+balg‘am. 2. Safro+savdo.Taom oshqozonga tushgach, oqsil, uglevod, yog‘larga parchalanib, aminokislota, uglevod, mikroelement va boshqa moddalar paydo bo‘lishi zamonaviy tibbiyotda aniqlangan.
Masoriqa1 berib, kettomir orqali jigarga borgan xilt to‘rt qismga ajraladi: 1. Qon. 2. Balg‘am. 3. Safro. 4. Savdo. Bular tanadagi a`zo va hujayralarga tarqaladi. Zamonaviy tibbiyotga ko‘ra esa, jigarda qayta ishlangan moddalar a`zo va hujayralarga yuboriladi, keyin oksidlanish-qaytarilish reaktsiyasiga uchrab, yonish natijasida energiya (issiqlik) paydo bo‘ladi (krebs sikl). Bu energiya o‘z navbatida mizojni oziqlantiradi. Zamonaviy tibbiyot shu energiya ajralishigacha bo‘lgan jarayonlarni chuqur o‘rgangan, ammo energiyaning qayerga ketishi hozircha to‘laligicha o‘rganilmasdan qolmoqda. Yana yuqoridagi misolimizga qaytadigan bo‘lsak, olma me`dada parchalanib, hujayralarda energiya ajralishiga sabab bo‘ladi. Shu xulosalardan kelib chiqib aytamizki, inson tanasi uch qismdan iborat ekan: Tana-a`zolar, hujayralar, to‘qimalar, qon-tomirlar va hokazolar. “Masoriqa” deb “Tib qonunlari”da oshqozon-ichaklardan jigarga boruvchi vena qon tomirlariga aytilgan.
Markaziy boshqaruv tizimi; bu tizim ham uch qismga bo‘linadi: a) markaziy qism yurakda joylashgan bo‘lib, butun tanani energiya bilan ta`minlab turadi; yordamchi qismi esa arteriya qon-tomirlarida joylashgan bo‘ladi; b) markaziy quvvat bosh miyada, yordamchi qismi neyronlarda joylashgan. Bu markaz quvvatni yurakdagi markazdan oladi. Bu markazni nafsoniy quvvat ham deymiz. U inson tanasidagi his-tuyg‘u, hid bilish, eshitish, harakat, har xil sezgilarni boshqaradi; v) jigarda joylashgan bo‘lib, yordamchi qismi vena qon tomirlarida joylashgan. Quvvatni yurakdan oladi, tanamizdagi a`zo va hujayralarning oziqalanishi, modda almashinuvi, nasl qolish uchun xizmat qiladi.
Mizoj tana bilan markazni bog‘lab turuvchi vazifani bajaradi, lekin bir tomondan tanaga, ikkinchi tomondan yordamchi quvvatlarga qorishib ketgan bo‘ladi. Yuzaga chiqqan mizoj ikki qismga bo‘linadi: tug‘ma va orttirilgan.Tug‘ma mizoj ota-ona va avlodlardan o‘tgan mizojdir. Unga yana farzand urug‘lanishi va tug‘ilishi kunlari ham qisman ta`sir ko‘rsatadi. Homiladorlik davrida onaning holati, ovqatlanishi, yashash joyi ham ta`sir qiladi. Orttirilgan mizoj har xil tashqi va ichki ta`sirlar natijasida o‘zgargan mizojdir. Ovqatlanish, harakat, ekologiya, yashash muhiti, har xil odatlar ta`siri natijasida tug‘ma mizoj o‘zgarishi mumkin. Mizojning ma`lum chegarasi bo‘lib, uni tabiiy mizoj deymiz. Chegaradan o‘tsa, g‘ayritabiiy mizoj bo‘lib, kasallik yuzaga chiqadi. Shu o‘rinda o‘quvchilarimizga bir masalani alohida ta`kidlab o‘tishimiz lozim. Bugungi kunda meva-sabzavotlarning turi, xili, navi ko‘payib ketdi. Tom ma’nodagi bozor iqtisodiyotini yashamoqdamiz. Tabiiylikdan ko‘ra, bozorgirlik asosiy o‘ringa chiqib oldi. Juda ko‘p mahsulotlarimiz oldingidek emas. Masalan, bodring, pamildorilarning aksar qismi kimyoviy dorilar bilan, uning ustiga gibrid genlari o‘zgartirilgan holda yetishtirilmoqda. To‘g‘ri, bu bilan dehqonlarimiz mo‘l, chiroyli, xaridorning ko‘zini quvnatadigan, dasturxonlarni bezab turadigan, uncha-muncha masofalarga ham ezilmay-buzilmay yetib boradigan hosil olishmoqda.
Abdurashid Safarov,
Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi
(Davomi bor.)