Qonuniy nikohdan o‘tmagan yoshlarga shar’iy nikoho‘qigan mulla jarimaga tortildi

Qonuniy nikohdan o‘tmagan yoshlarga shar’iy nikoh o‘qigan mulla eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Ma’lumki, Bosh qomusimizning 63-moddasida belgilanganidek, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.

Albatta, oila mustahkamligi nikohning qonuniyligiga har jihatdan bog‘liq. Ammo bu teran haqiqatni hamma ham birdek anglab yetavermaydi. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash davr talabi mavzusidagi anjumanda bu haqida alohida to‘xtalib, shunday ta’kidlagan edi: Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi .

Shu bilan birga, bundan buyon FHDYO tomonidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mulla yoki imom-xatib jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilgandi.

Ammo tumanda  yashovchi mulla N.P (ism familyasi o‘zgartirilgan) o‘z hamyonini o‘ylagan mullalardan bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, u maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda   joriy yining yanvar  oyida FHDYO bo‘limida qonuniy nikohdan o‘tmagan Y.P va H.L larga sha’riy nikoh o‘qib qo‘ygan. 

Aytish kerakki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi 2-qismida Diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish eng kam ish haqining sakson baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi, kodeksning 33-moddasida esa, Sud ma’muriy jazo chorasini qo‘llayotganda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olgan holda sabablar va asoslarni albatta, ko‘rsatib, ushbu kodeksning Maxsus qismidagi moddalarning sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo chorasini qo‘llashi mumkin, deya qayd etilgan.

Binobarin, sud huquqbuzarning nafaqa yoshida ekanligi, uning qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligini javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, yuqoridagi modda sanksiyasida belgilanganidan ham kamroq, ya’ni eng kam oylik ish haqining 50 (ellik) baravari miqdorida 17. 000 000 so‘m  jarima jazosi ta yinladi.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. Chindan ham, oila qo‘rg‘onini muqaddas deb bilmaslik, arzimas sabablar bilan ajralishlar, begunoh bolalarning tirik yetim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolishi qonuniy nikohdan o‘tmay, shar’iy nikoh asosida turmush qurishning oqibati emasmi?

Shunday ekan, nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, hokimiyat va FHDYO xodimlari, balki ota-onalar, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, jamoatchilik vakillari ham oila masalasiga yanada jiddiy mas’uliyat bilan yondashishi shart. Zero, yuqoridagi kabi hech kimning guldek oilasi zavol topmasin, tinch-totuv hayotiga aslo putur yetmasin.

                                                             O‘z muxbirimiz