Halol kasb fazilati

Dinimiz hamma sohada mo’tadil bo‘lishga chaqiradi. Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qo‘ymaslikka buyuradi. Shuning uchun musulmon kishi ikki dunyoni ham e’tiborga olib yashaydi va halol kasb izidan o‘ziga hamda ahli-oilasiga pokiza rizq izlaydi.

Halollik – shariatimizda eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Zero, har bir musulmon bajargan solih amallarining qabul bo‘lishi, farzandlarining salohiyati, oilasining farovonligi aynan luqmasining halol, kasbi-korining shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishiga bog‘liqdir. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

ya’ni: “Halol rizq izlash – har bir musulmon uchun vojibdir”, – deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Tirikchilik uchun kasb-kor qilish hayot zaruratlaridan bo‘lgani sababli Alloh taolo inson hayoti uchun kerak bo‘ladigan barcha sabablarni tayyorlab qo‘ygan. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

ya’ni: “Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirib, u sababli sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (o‘z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yin sindirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yin sindirdi (32). (U) doimo faoliyat ko‘rsatib turuvchi Quyosh va Oyni ham sizlarga bo‘ysindirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo‘ysindirdi (33)” (Ibrohim surasi 32-33-oyatlari).

Sog‘lom, mehnatga layoqatli kishining o‘zi va ahli ayoli uchun kasb-kor qilib mol topishi – asosiy farzlardan keyingi farzdir. Lekin kasbu-kor ham farz ekan deb, asosiy ibodatlarni chetga surib qo‘yilmaydi. Musulmon kishi zimmasidagi oila ahlini ta’minotsiz qoldirib, kasb-kor qilishni tashlashi yoki tilanchilik yo‘liga o‘tishi mumkin emas, balki halol mehnat qilishi kerak. Kishining kasbi odamlarning ko‘ziga har qancha faqir ko‘rinmasin, Alloh taoloning nazdida maqbul va sevimlidir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar.

ya’ni: “Birortangiz arqonini olib toqqa borishi, u yerdan bir bog‘ o‘tinni orqalab kelib, (odamlarga) sotishi va Alloh shu (kasb) sababli uni tilanchilikdan asrashi, uning odamlardan tilanishi ular yo berib, yo bermasliklaridan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Kasb-kor masalasida odamlar bir necha qismga bo‘linadilar. Ba’zilar biz Allohga tavakkal qilamiz deb, kasb qilishdan o‘zlarini chetga tortadilar va o‘zgalarga yuk bo‘ladilar. Aslida, tavakkal qilish-payg‘ambarlarning holi, kasb qilish esa – ularning sunnatlaridir. O‘tgan payg‘ambarlar, sahobalar va aziz- avliyolarning kasb-korlari bo‘lgani ma’lum va mashhur. Hazrati Umar aytadilar: “Meni bir kishining ko‘rinishi lol qoldiradi. Shunda u haqida so‘rasam, uning kasbi yo‘qlilini aytishadi va u mening nazarimdan qoladi».

Ba’zilar halol kasb qiladilar, lekin dunyo ularni Alloh taoloning haqqini ado qilishdan to‘sadi va oxiratlarini boy beradilar. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

ya’ni: “Kimki, oxirat ekinini (savobini) istar ekan, Biz unga ekini (hosili)ni ziyoda qilurmiz. Kimki dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan berurmiz va  uning uchun oxiratda nasiba (savob) bo‘lmas” (Sho‘ro surasi 20-oyat).

                               Jo‘rahon Bahromov,

Sho‘rchi tumani «Eshmat o‘g‘li Mo‘min bobo»  jome masjidi imom xatibi