Davlatimiz rahbarining «O’zbekiston – 2030» strategiyasi to’g’risida»gi farmoni hamda «O’zbekiston – 2030» strategiyasini 2023 yilda o’z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori Yangi O’zbekiston sharoitida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohot va o’zgarishlarni izchil davom ettirish, soha va yo’nalishlarni yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda mazkur hujjatlar yurtdoshlarimizning Yangi O’zbekistonni barpo etish bo’yicha xohish-irodasini ro’yobga chiqarish, sog’lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashda muhim o’rin tutadi.
Ayniqsa, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo’nalishlarini takomillashtirish va ulkan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, yuqoridagi hujjatlar doirasidagi qator maqsad-vazifalar kelgusi 7 yil davomidagi taraqqiyotimizga zamin, huquqiy dasturilamal bo’ladi.
— «O’zbekiston – 2030» strategiyasida qanday vazifalar ko’zda tutilgan?
— Darhaqiqat, «O’zbekiston – 2030» strategiyasi to’g’risida»gi farmon bilan «O’zbekiston – 2030» strategiyasi tasdiqlandi. Unda beshta ustuvor yo’nalish bo’yicha 100 ta muhim maqsad o’z aksini topgan.
Xususan, 86-maqsadda Sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish yuzasidan:
Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko’rib chiqish natijalari ustidan sudlarga yuborilayotgan shikoyatlarning 50 foizini elektron shaklda kelib tushishiga erishish.
Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ko’rilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ishtirokini ta’minlashga erishish;
Sud tizimini boshqarishga sud`yalarning o’zini o’zi boshqarish tamoyilini to’laqonli joriy etish hamda sud`yalar hamjamiyati organlari tizimini to’liq shakllantirish;
Jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksi bo’yicha 0,64 ballni to’plashga erishish;
Boshqaruv sifati indikatorlarining Huquq ustuvorligi yo’nalishi bo’yicha 61,5 ballni to’plashga erishish kabi maqsadlarning bo’lishi davlatimiz tomonidan sud sohasiga qaratilayotgan e’tiborning qanchalik ko’pligidan dalolat beradi.