Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi – 2023

Qumqo‘rg‘on  tumani  tibbiyot birlashmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi – 2023” sport musobaqalarining tuman  bosqichi o‘tkazildi.

Yurtimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida tashkil etilgan musobaqada 200 nafarga yaqin tibbiyot xodimi sportning shaxmat, shashka, stol tennisi va mini futbol turlarida o‘zaro bahslashdi. 

– Musobaqalar tibbiyot xodimlarining jismoniy faolligini oshirish, salomatligini mustahkamlash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida tashkil etilganligi bilan ahamiyatlidir, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Dilshoda Shaimqulova. 

– Musobaqada  shaxmatdan raqibalarim bilan kuch sinashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdim, – deydi Qumqo‘rg‘on tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika shifokori  Muzaffar Shukurov. – Yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jamoamiz bilan o‘tkazilib turiladigan sport musobaqalarida muntazam qatnashamiz. Bugungi musobaqada ishtirok etishimiz uchun rahbariyatimiz tomonidan barcha sharoit yaratib berildi. Bildirilgan ishonchni oqlaganimdan xursandman. 

Barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

                                                                Ulug‘bek Musayev,

                      tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari