Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 11 sentabrda imzolangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini kengaytirish barobarida yangidan-yangi tashabbuslarga zamin yaratmoqda.
Farmonga ko‘ra, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalishlar doirasida amalga oshirilishi belgilandi:
· har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
· barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;
· suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish;
· qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
· mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish.
Jumladan, strategiya jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, odilsudlovga erishish, iqtisodiyotning asosiy drayveri bo‘lgan tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ijtimoiy sohada islohotlarni “Inson manfaati eng ulug‘ maqsad” tamoyili asosida amalga oshirish kabi masalalar ustuvor etib belgilandi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi, 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar hamda 2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etilishi mahalla instituti tizimini yanada takomillashtiradi, imkoniyatlarini kengaytiradi. Bunda tuman va shahar budjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltiriladi. Tashabbusli budjet amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida 2024 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 10 trillion so‘m ajratilib, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Farmonda bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiena infratuzilmasi bilan ta’minlash, olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish, 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar yaratish, yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun bir mingta multimedia dasturlarini yaratish, ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar horijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish singari qator vazifalar qayd etilgani ham alohida e’tirofga molikdir.
Muxtasar aytganda, “O‘zbekiston -2030” strategiyasi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, aholi turmush farovonligining yanada yuksalishiga xizmat qilishi bilan muhim va tarixiy ahamiyatga egadir.
Bahodir Adiyev,
O‘zMTDP Surxondaryo viloyati Kengashi Mafkuraviy ishlar, partiyaning dasturiy ko‘rsatmalarini amalga oshirilishini tashkil va tahlil etish bosh mutaxassisi