So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlov samaradorligini oshirish hamda sudyalar hamjamiyatining rolini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligi 2023 yildagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida “O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi”, “Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi” deb, sudlar zimmasiga mas`uliyat yuklatishlari mulk huquqini konstitutsiya va qonunda nazarda tutilgan tartibda faqatgina sud orqali ishonchli himoya etish nazarda tutilganligidan dalolat beradi.
Prezidentimizning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirish boyicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab bergan farmonida sud tizimida bajarilishi zarur vazifalar aniq yozilgan. Bundan tashqari, sudlarda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashishni izchil davom ettirish hamda sud tizimini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish choralarini ko‘rish, sudlarda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish, «Sudlar korrupsiyaga mutlaqo qarshi» rukni ostida keng jamoatchilikka axborot berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Ushbu islohotlarning izchillik bilan amalga oshirilishi sud hokimiyati tizimi xodimlari zimmasiga juda katta mas`uliyat yuklaydi. Muhtaram Prezidentimiz “Xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda tom ma`noda qaror toptirish – eng asosiy vazifamizga aylanishi shart va bu borada sud hokimiyati organlari chinakam “adolat qo‘rg‘oni”ga aylanishi lozim” degan so‘zlari faoliyatimizning yorqin ifodasidir.
Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining zimmasiga ham iqtisodiyot sohasida vujudga keladigan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonunlar bilan o‘zining vakolatiga kiritilgan nizolar hamda boshqa ishlarni hal qilish yo‘li bilan odil sudlovni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on hamda Bandixon tumanlarida joylashgan, O‘zbekiston Respublikasining turli hududlaridan kelib tushayotgan iqtisodiyot sohasidagi da`vo arizalari va qonun asosida o‘zining vakolatiga kiritilgan boshqa nizolar mazmunan ko‘rib chiqilmoqda. 2023 yil 1-yarimi davomida odil sudlovni ta`minlash yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi. Tumanlararo sudiga mazkur vaqt mobaynida jami 2541 ta da`vo ariza va arizalar kelib tushgan bo‘lib, shulardan 2314 ta (2022 yil 1-yarim yilligi yakuni bo‘yicha 680 ta) iqtisodiy ishlar ( А. Xolmuminov 1067 ta, Sh. G‘oziev 1247 ta)mazmunan hal etilgan. Ushbu kelib tushgan da`vo ariza (ariza)larning 1088 tasi fuqarolik huquqiy munosabatlarga, 1153 tasi ma`muriy huquqiy munosabatlarga, 72 tasi bankrotlikka va 1 ta korporativ munosabatlarga oid ishlarni tashkil etadi. Joriy yil davomida sud tomonidan jami mazmunan ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha 1966 ta ish qanoatlantirilgan, 62 ta ish rad etilgan, 274 ta ish bo‘yicha da`vo ko‘rmasdan qoldirilgan, 12 ta ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan. Qabul qilish rad etilgan da`vo arizalar soni 11 tani, qabul qilinmasdan qaytarilgan da`vo arizalar soni 55 tani, tegishliligiga ko‘ra boshqa iqtisodiy sudga yuborilgan ishlar soni 1 tani tashkil etgan. 899 ta iqtisodiy ishlar (А. Xolmuminov 544 ta, Sh. G‘oziev 355 ta) sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan ishlar jami ko‘rib chiqilgan ishlarning 38,9 foizini tashkil etadi. Sud tomonidan 5 ta sud ta`sir choralari qo‘llanilgan bo‘lib, 2 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan moddiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi va boshqa xususiy ajrimlar soni 3 tani tashkil etadi. Ushbu xususiy ajrimlarning 4 tasi tegishli tartibda ijro qilingan. Aholi o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yanada oshirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, berilgan savollarga asoslantirilgan javoblar berilgan. Albatta, bajarilgan ishlar haqida misollar ko‘p.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Qo‘shma ko‘rsatma imzolangan bo‘lib, Qo‘shma ko‘rsatmada belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarilishi uchun sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish va jamg‘arma zahirasini yaratish va undan unumli foydalanishga qaratilgan, ijro ishi bo‘yicha davlat budjetiga undiriladigan summalar yuzasidan chiqarilgan sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijroga qaratilishi va ijro etilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan. Sudda ko‘rilayotgan ishlar tahlil qilinganda, ko‘p holatlar yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan jismoniy shaxslarning huquqiy bilim darajasi yetarli emasligi va aksariyat hollarda, tadbirkorlarning o‘z huquq va majburiyatlarini anglab yetmasligi yoki lozim darajada bilmasligi, shartnoma intizomi va majburiyatlari yuzasidan kelib chiqqanligini kuzatish mumkin.
Sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta`minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, sudlar davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda va hamjihatlikda ishlarni tashkil etishi, jamiyatda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga mas`ul bo‘lishi shart deb hisoblaymiz. Chunki, Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek ushbu islohotlar islohot uchun emas, balki inson manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim.
А. XOLMUMINOV,
Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi