BALIQCHILIK USULLARI VA NATIJALARI

Hozir baliqchilik tarmog‘ini yetishtirishga e`tibor qaratilmoqda. Tuman bo‘yicha 25 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatayapti. “Qumqo‘rg‘on shabadasi”,  “Turon oltin baliq havzasi” fermer xo‘jaligida intensiv usul – tezkor baliq yetishtirish bo‘lib, bu tabiiy usulga qaraganda qulay, sun`iy ravishda ozuqalar bilan ta`minlab, kislorod yetishmasa sun`iy ravishda kislorod yetkazib beruvchi maxsus ayrator qurilmalar o‘rnatilib baliqlarning kislorodga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Intensiv usulda 1 gektar sun`iy ko‘lda 10-15 tonnagacha baliq yetishtirish mumkin.

Bundan tashqari, baliq yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari hovuz va ko‘llar ko‘rinishida suv havzalarini bunyod etib baliq yetishtirayapti. Bunday oddiy usulda baliq yetishtiruvchi 23 ta fermer xo‘jaliklarimiz bor. Baliqchilarimiz aprel oyidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan chavaq baliqlari olib kelib, hozir suv havzalarida boqayapti. Oq amur, tolstolob navli baliq chavaqlarini fermer xo‘jaliklariga keltirib oddiy usulda ko‘k massalar bilan oziqlantirmoqda. Intensiv usulda esa maxsus yem olib kelib baliqlarni parvarishlayapti. Oktabr-noyabr oylarida baliqlar yetilib bozor rastalarida sotuvga chiqariladi.

Baliq yetishtirishdan asosiy maqsadimiz tuman aholisining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat. Buning uchun tumanimizda baliq yetishtirib, aholini to‘yimli baliq bilan ta`minlaymiz.

                                                                                                                             Oybek SADAYEV,

         tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi chorva bo‘yicha mutaxassis