YANGI QONUN VA QARORLAR QABUL QILINDI

“Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023–2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–299-son, 11. 09. 2023 y.) qabul qilindi.

Hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning quyidagi darajalari belgilandi:

birinchi darajada – hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi O‘zbekiston hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari, Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi;

ikkinchi darajada – shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning (shaharchalarning) bosh rejalari, shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari ishlab chiqiladi;

uchinchi darajada – hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan, o‘zida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi tashkil etildi. Markaz Davlat shaharsozlik kadastrini yuritadi. 2024 yil 1 iyulgacha “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqiladi. Platformada aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda ovoz berish mexanizmi joriy etiladi.

                                                                        Olim XURSANDOV,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

     Hukumat qarori (462–son, 11. 09. 2023 y.) bilan O‘zbekiston

 Respublikasining ichki kema yo‘llarida suzish qoidalari tasdiqlandi

Qoidalar O‘zbekistonning kema qatnaydigan suv yo‘llarida hamda tabiiy va sun’iy barpo etilgan suv havzalarida kemalar harakatlanishining yagona tartibini belgilaydi. Ichki kema yo‘llarida faqat O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostida suzishga yo‘l qo‘yiladi.

Kema egalari quyosh botishidan chiqqunga qadar (tunda) hamda ko‘rinish cheklangan vaqtda (tuman, chang-to‘zon, kuchli yog‘ingarchilik) navigatsiya chiroqlaridan foydalanishlari shart. Navigatsiya belgilaridan quyosh chiqqandan botgunga qadar (kunduz kuni) foydalaniladi.

Suv havzalarida baliq ovlash anjomlari bilan turgan, to‘rlarni o‘rnatayotgan yoxud tashlangan to‘rlar bilan oqim bo‘yicha harakatlanuvchi kemalarda tunda o‘ng qirg‘oqda ishlash vaqtida gorizont bo‘ylab 360 gradusda ko‘rinadigan vertikal joylashgan ikkita qizil, chap qirg‘oqda – ikkita oq chiroq, kunduz kuni tegishli ikkita qizil va ikkita oq bayroq bo‘lishi shart.

Uzunligi 7 metr va undan ortiq bo‘lgan mexanik dvigatelga ega kemalar hamda suv tubini chuqurlashtiruvchi zemsnaryadlar davomli va qisqa tovushli signallar beruvchi qurilmalarga ega bo‘lishi shart. Kemalardan o‘zib ketish manevrlari o‘zib ketilayotgan kemaning (tarkibning) chap borti tomonidan amalga oshirilishi shart.

Quvvati 300-400 ot kuchiga ega bo‘lgan har bir shatakka oluvchi kemada 200 metrdan kam bo‘lmagan, quvvati 100-180 ot kuchiga ega bo‘lgan kemada 75 metrdan kam bo‘lmagan zanjirlar bo‘lishi shart. Chegara hududlarida suzish Xalqaro bitimlar va O‘zbekistonning chegara hududlarida faoliyat yuritishni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari hamda mazkur qoidalar bilan tartibga keltiriladi. Gorizont bo‘ylab ko‘rinish masofasi 1 kmdan kam bo‘lganda kemalarning harakatlanishi taqiqlanadi.

                                                                     Dilorom XUDAYQULOVA,

Qumqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi bosh maslahatchisi

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonuni

   (O‘RQ–868-son, 13. 09. 2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi

Qonunga muvofiq, davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat chegarasi joylarda aniq ko‘rinib turadigan chegara belgilari bilan ko‘rsatib qo‘yiladi. Qonunga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Davlat chegarasini kesib o‘tish quyidagicha amalga oshiriladi. Quruqlikda, chegara daryolarida, ko‘llarida va boshqa suv havzalarida – xalqaro temir yo‘llarning, avtomobil yo‘llarining, daryo qatnovi va boshqa qatnov yo‘llarining Davlat chegarasini kesib o‘tish uchun belgilangan joylarida. Samoviy hududda – xalqaro trassalarning Davlat chegarasini kesib o‘tish joylarida yoki ushbu maqsadlar uchun ajratilgan havo yo‘laklarida.

Shaxslar va transport vositalari Davlat chegarasidan to avtomobil yo‘li va temir yo‘l o‘tkazish punktlarigacha yoki qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotganda belgilangan yo‘nalishni o‘zgartirish, transport vositalariga shaxslarni chiqarishni, tovarlarni yuklashni hamda transport vositalaridan shaxslarni, tovarlarni tushirishni amalga oshirish va har qanday  apparatlarni va uchuvchisiz uchuvchi apparatlarni havoga ko‘tarishni, qo‘ndirishni yoki qabul qilishni amalga oshirish taqiqlanadi.

Chegara mintaqasida quyidagilarga nisbatan qo‘shimcha rejim cheklovlari va taqiqlari joriy etilishi mumkin. Chegara mintaqasiga begona shaxslarning kirishiga, xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat amalga oshiriladigan hududlarga kirishga, suzish vositalarining chegara daryolariga, ko‘llariga va boshqa suv havzalariga kirishiga.

Xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslarga o‘tkazish punktlariga kirish (ulardan chiqish) uchun ruxsatnomalar Chegara qo‘shinlari yoki Transport vazirligi tasarrufidagi tegishli tashkilot tomonidan beriladi.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

                                                         Faxriddin MAMATOV,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

“Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–306-son,              

                           14. 09. 2023 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 oktabrdan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi.

Quyidagilar “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga onlayn ariza yuborish orqali Dasturda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi:

kamida 1 yil mobaynida ishlayotgan YaTT, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmand, kasanachi, NTT, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari;

oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan shaxslar.

2023 yil 1 oktabrdan Dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlik sub’ektlariga, jumladan: faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik yuqori stavkada 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi. Bunda, 100 million so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi; qiymati 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga beriladi; innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi.

2024 yil 1 yanvardan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.  Qaror bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida Kichik va o‘rta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlash va sohada davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etildi.

                                                              Jo‘rabek IMOMOV,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

“Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-308,

                     14. 09. 2023 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan yangi raqamli xizmatlar va servislar, qoida tariqasida, birinchi navbatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasida joriy etiladi.

2024 yil yakunigacha: Yagona portalda ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 700 taga, ularning avtomatlashganlik darajasi 65 foizga yetkaziladi; Yagona portalda joriy etilgan raqamli xizmatlar va servislarning kamida 75 foizi mobil ilova orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, quyidagi maxsus portallar ishga tushiriladi: 2024 yil 1 yanvardan raqamli hukumat tizimi hamda uning aholi va tadbirkorlarga taqdim etadigan imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi; 2024 yil 1 iyundan respublika hududidagi yashil hudud, bog‘ va jamoat parklari haqida axborot beruvchi; 2024 yil 1 sentabrdan Toshkent shahrida jamoat transporti harakati haqida axborot beruvchi.

Shuningdek, shoshilinch tezkor xizmatlar bo‘yicha aholining chaqiruvlarini qabul qilish va ularni tezkor ravishda qayta ishlash bo‘yicha “112” yagona markazlashgan dispetcherlik xizmati faoliyatini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

2023 yil 1 noyabrdan “oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan hamkorlikda aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturi amalga oshiriladi. 2024 yil yakunigacha magistral telekommunikatsiya tarmog‘i va aholi yashash maskanlarida qo‘shimcha 50 ming kilometrdan optiq tolali aloqa liniyalari quriladi.

                                                                         Samad CHORIYEV,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

         Hukumat qarori (492-son, 22. 09. 2023 y.) bilan Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid ma`lumotlar va hujjatlarni hrm.argos.uz elektron platformasida shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi

Nizomga ko‘ra, davlat organlarining ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish, tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va ularga ishlov berish, xodimlar faoliyatining samaradorligini avtomatik tarzda baholash, kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivini yuritish, rahbar kadrlar uchun belgilangan zaxiralarni shakllantirish hamda inson resurslarini boshqarishga oid boshqa faoliyati elektron platformada amalga oshiriladi.

Inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlarni shakllantirish va yuritish uchun yuridik shaxs maqomidagi davlat organlari elektron platformadan foydalanuvchi hisoblanadi.  Barcha foydalanuvchilar elektron platformada shaxsiy ERI kaliti orqali ro‘yxatdan o‘tadi, bunda: davlat organi rahbari shaxsiy ERI kaliti yordamida davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi mas’ul xodimini belgilab, unga elektron platformadan foydalanish imkoniyatini beradi; inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi xodimi shaxsiy ERI kaliti yordamida elektron platformada ma’lumotlar va hujjatlarni shakllantiradi hamda yuritadi.

Elektron platformada davlat organi tuzilmasini uning shtat jadvaliga muvofiq bo‘linmalar va ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni kiritish orqali shakllantiriladi. Bunda har bir lavozim alohida yaratiladi. Elektron platformada davlat organlarining ichki idoraviy hujjatlari (buyruq, qaror va farmoyish) ERI bilan tasdiqlangan holda faqat elektron platformada shakllantiriladi va qabul qilinadi. Elektron platforma orqali qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar ijroga qaratish uchun edo.ijro.uz axborot tizimiga avtomatik tarzda yuboriladi.

Davlat organlarining vakant lavozimlarini e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar elektron platforma va vacancy.argos.uz axborot tizimining o‘zaro integratsiyalashuvi asosida amalga oshiriladi.

Davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari tomonidan elektron platformaga kiritilgan: davlat organi tuzilmasi, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari va ularga qo‘shimcha bitimlar, mehnat shartnomalarining bekor qilinishi hamda vakant ish o‘rinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “YaMMT IDAK” elektron tizimiga; xodimlarga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar “UzASBO” dasturiy majmuasiga avtomatik tarzda yuboriladi.

Davlat organlarining belgilangan rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish jarayoni elektron platforma orqali amalga oshiriladi.  Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari elektron platforma va zaxira.argos.uz platformasining o‘zaro integratsiyalashuvi asosida yuritiladi.

                                                      Sayfiddin MENGLIQULOV,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i

Hukumat qarori (480-son, 19. 09. 2023 y.) bilan Tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi

Reglamentga ko‘ra, mazkur davlat xizmati Adliya vazirligi (vakolatli organ) tomonidan ko‘rsatiladi. Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomani topshirish bo‘yicha harakatlar talabnoma beruvchi tomonidan bevosita yoki vakili orqali amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, davlat xizmatidan foydalanish uchun vakolatli organning axborot tizimi yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud pochta aloqasi bo‘yicha talabnoma topshiriladi. So‘ng talabnoma beruvchi 3 oy davomida talabnoma topshirish uchun patent boji to‘lovini amalga oshirishi kerak. Patent boji to‘langach, talabnoma qabul qilinib, uning qayd raqami va kelib tushgan sanasi ko‘rsatilgan xabarnoma talabnoma beruvchiga yuboriladi. Intellektual mulk markazi talabnoma kelib tushgan sanadan 30 kun davomida talabnomaning rasmiy ekspertizasini amalga oshiradi.

Reglamentga ko‘ra, jumladan, quyidagilar tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:

davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar;

tovar va uning tayyorlovchisi to‘g‘risidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;

jamiyat manfaatlariga, odamiylik va axloq qoidalariga zid bo‘lgan belgilar.

                                                                                                              Rashid SULTANOV,

                                                                        Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi boshlig‘i