Go‘zal va oliy darajada halol hayot kechirgan insongina chinakamiga “Jannat rayhonlari”deb maqtaladi. Shu bois dinimiz insonni o‘z hayotida jamiyatdagi barcha kishilar bilan yaxshi munosabatda, muomalada va go‘zal odob-axloqda bo‘lib yashashga chorlaydi.
Alloh taolo insonni o‘ziga itoat qilishi, ibodat etishi, amr-farmonlarini bajarishi hamda dunyo va oxiratini obod qilmog‘i uchun yaratgan. Insonning jismoniy, ruhiy va aqliy kamolotiga, uning naqadar dinimiz tamoyillariga sidqi dildan amal qilishi bilan belgilanadi. Qur’oni karimning “Hujurot” surasida “Ey, mo‘minlar, ko‘p gumonlardan cheklaningiz! Chunki gumonlar gunohdir. O‘zgalar aybini qidirib josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmangiz! Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir!” deyiladi. Ushbu oyatdan ko‘rinadiki Allohning roziligini topish uchun banda doimo unga hamd aytib, ne’matlariga shukrona keltirishi va berganiga qanoat qilishi zarur bo‘ladi. “Alloh qilayotgan barcha yaxshi va yomon amallaringizdan xabardordir”. (Mujodala surasi -11). Ushbu oyatdan ko‘rinib turibdiki Alloh taolo hayr amallarni insonning saodati kaliti sifatida zikr qiladi. Banda qanchalik ilmli va keng tafakkurga ega bo‘lsa Allohdan shunchalik qo‘rqadigan bo‘lishini bayon qiladi.
Darhaqiqat Fuzal ibn Iyoz aytganidek kim g‘iybatdan omonda bo‘lishni istasa, gumon eshiklarini mahkam berkitsin. Kim gumondan uzoqda bo‘lsa, do‘sti aybini axtarishdan omonda bo‘ladi. Kim birovning xatosini topishdan xoli bo‘lsa, u g‘iybatdan chetda bo‘ladi. Ota-onalar o‘z farzandlariga to‘g‘ri maslahatlar berib, ularning sog‘lom va baquvvat unib-o‘sishlari, o‘zaro bir-birlariga mehribon, shafqatli, badgumonlik va g‘uluvdan ehtiyot bo‘lishda, diniy masalalardagi me’yor masalasida, ma’rifatli bo‘lishlari uchun g‘amxo‘r bo‘lishlari lozim.
Asriy saodatdagi sahobalar, tobeinlar o‘tmishdagi solih insonlar kishilarni badgumonlik va g‘uluvdan muhofaza qilishga, ularga to‘g‘ri tarbiya berishga alohida e’tibor qaratganlar, haromdan qaytib halolga amal qilishda hammaga ibrat bo‘lishgan. Muhtaram jamoat; muqaddas islom ta’limotlariga suyangan holda, ahloq odobimizni oliy darajaga ko‘tarishga harakat qilaylik, o‘zbek oilalariga munosib ravishda o‘z farzandlarimizni kelajakda ahli solih, barkamol inson bo‘lib voyaga yetishishiga intilaylik. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom muborak bir hadislarida: ”Har biringiz tarbiyachisiz va har bir tarbiyachi qo‘l ostidagilarga javobgardir”-deb marhamat qilganlar. Farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom o‘sishi, ularni baxtli, saodatli, farovon hayot kechirishlari uchun juda ko‘plab hayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Farzandlarimizga bunday katta e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lishlarini uqtiraylik. Biz o‘zimiz ham farzandlarimiz, nabiralarimiz baxti uchun suyunib yashaylik, badgumonlik va g‘uluvdan ehtiyot bo‘lishda, diniy masalalardagi me’yor masalasida, insofga chaqirishdan charchamaylik. Halol turmush kechirish birlan ikki dunyo saodatiga erishaylik.
X. ZAYNIYEV,
Qumqo‘rg‘on tuman bosh imom xatibi