Xotin-qizlar huquqlari qonun himoyasida

Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki kunlaridanoq xotin-qizlarning jamiyatdagi roli, o‘rni va nufuzini mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularga keng sharoitlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Buning isboti mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini himoya qilishga qaratilgan saksondan ortiq milliy va xalqaro hujjatlar qabul qilindi.

Bugun ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida fidoyi ayollarimizning faollashib borayotganligini ko‘ramiz. Zero, har qanday jamiyatning madaniy darajasi va ma‘naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Mana shunday xotin-qizlar huquqlarining himoya qilinishi uchun o‘rnatilgan tartiblardan biri bu himoya orderi hisoblanadi. Ma`lumot o‘rnida aytish lozimki, himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta`sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjatdir. Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan jabrdiyda xotin-qizlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladi. Turmush o‘rtog‘i, sevgan yigiti, qaynata-qaynanasi, qaynsingillari, qo‘ni-qo‘shni, ish joyida bo‘lsa, rahbari va boshqalar tomonidan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar mazkur order asosida qonuniy tarzda muhofaza qilinadi. Himoya orderi 1 oy muddatga beriladi. Shu muddat ichida nizoni hal etish imkoni bo‘lmasa, yoki o‘sha holat yana davom etadigan bo‘lsa, ayolning murojaatiga asosan yana 1 oy muddatga uzaytiriladi. Bir oy muddatga uzaytirilganidan keyin huquqbuzarga nisbatan tuzatish dasturi amalga oshiriladi. U bilan psixologlar, faollar, mehnat jamoasidagi vakillar ishlaydi. Qonun hujjatlarida bu ham belgilab berilgan.

Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, agar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq o‘tkazgan, zo‘ravonlik sodir etgan, ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs bir joyda ishlasa yoki o‘qisa, tegishli hududda yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshiruvchi ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan jabrlanuvchiga himoya orderi berilganidan keyin bir ish kuni ichida jabrlanuvchining ish yoki o‘qish joyiga, agar bu jinoyatlarni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tashkilot rahbari bo‘lsa yuqori turuvchi organga, jabrlanuvchi, unga nisbatan noto‘g‘i harakatlarni sodir etishga aloqador shaxslar o‘rtasidagi bevosita aloqani taqiqlash to‘g‘risida taqdimnoma yuboriladi. Jabrlanuvchi ishlayotgan yoki ta`lim olayotgan tashkilot rahbari taqdimnomani olganidan keyin uch ish kuni ichida shu ko‘ngilsiz holatni bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holatlarning xavfi bartaraf etilmagan taqdirda yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun mas‘ul bo‘lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, bir ish kuni ichida himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha materiallar tayyorlanadi, iltimosnoma rasmiylashtirilgan holda jabrlanuvchining yashash joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga yuboriladi. Iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e`tiboran yigirma to‘rt soat ichida yopiq sud majlisida bu ko‘ngilsiz holat ishtirokchilari hozirligida ko‘rib chiqiladi. Iltimosnomani sudda ko‘rishda advokat ishtirok etishi mumkin. Jabrlanuvchi va holatga aloqador shaxslarning sud majlisiga kelishi ichki ishlar organi xodimi kuzatuvi ostida amalga oshiriladi. Ularning uzrsiz sabablarga ko‘ra hozir bo‘lmaganligi ishni ko‘rib chiqishga monelik qilmaydi. Аgar sud mazkur shaxsning sudda hozir bo‘lishini shart deb topsa, sud uni majburan olib kelish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin. Sudya ish materiallari bilan tanishib chiqqanidan keyin himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida yoki iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida qaror chiqaradi. Himoya orderi belgilangan tartibda yoziladi. Qaror o‘qib eshittirilgan paytdan e‘tiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi. Qarorning ko‘chirma nushasi sud ishi ko‘rilgan shaxslarga topshiriladi. Ularga tushuntiriladi. Agar ular sud majlisiga kelmagan bo‘lsa  qarorning ko‘chirma nushasi bir sutka ichida pochtadan taraflarga yuboriladi. Rad etish haqida qaror ustidan norozilik bo‘lsa taraflar ishtirok etiganligi inobatga olinadi, ularning advakati, qonuniy vakili tomonidan 72 soat ishida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin. Bunday shikoyat qilinishi uning ijro etilishini to‘xtatib turmaydi. Himoya orderi talablarining bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga himoya orderini berish hamda uni uzaytirish to‘g‘risidagi ariza ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida ko‘rib chiqiladi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga, shuningdek ularning o‘zi bilan birga maxsus markazlarga joylashtirilgan voyaga yetmagan bolalariga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi mumkinligi haqidagi bandlar bilan to‘ldirilganligi va mazkur qonunga kiritilgan boshqa o‘zgartirishlar mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasidagi amalga oshirilayotgan keng islohotlarning isbotidir.

                                                             S. NURIYEVA,

Surxondaryo viloyat sudining arxiv mudiri