TАDBIRKORNING HUQUQI TIKLАNDI

Termiz tumanlararo ma`muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Savdo Sanoat Palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasining “DAHBET” xususiy korxonasi manfaatida javobgar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi davlat kadastrlar palatasi Surxondaryo viloyat boshqarmasining xususiy korxonaga Boysun tuman hokimining 2018 yil 28 iyundagi 1389-sonli qarori asosida ajratilgan 0,30 ga yer maydonini davlat ro‘yxatiga olmaslik borasidagi xatti-harakatini qonunga xilof deb topib, uning zimmasiga 0,30 ga yer maydonini xususiy korxona nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklash haqidagi arizasi ko‘rib chiqildi.

Аniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi kadastr agentligining 2023 yil 2 may kunidagi rad etish xabarnomasi bilan “DAHBET” xususiy korxonasining murojaati rad etilgan. Murojaatni rad etishga asoslardan biri sifatida taqdim qilingan tuman hokimining qarorining tegishli bandlarida majburiyatlar yuklatilgan hamda ushbu qarorning tasdig‘i viloyat hokimidan so‘ralmaganligi ko‘rsatilgan.

Ishdagi hujjatlarga qaraganda Boysun tuman hokimining qayd etilgan qaroriga ko‘ra Boysun tuman “Mustaqillik” mahallasi hududidan “DAHBET” kichik korxonasi hisobiga “Mehmonxona va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtasi” binosi qurilishi uchun 0,30 ga suvli yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan va ushbu yer maydoni uchun hisoblangan 19.243.588 so‘m davlat to‘lov qoplama qiymati to‘liq to‘lab berilgan.

 Davlat kadastrlar palatasi Boysun tuman filiali tomonidan 2023 yil 15 fevralda xususiy korxonaning 3000 kv.metr yer maydoniga 1722204/R-A2011000 raqami bilan “Yer uchastkasining kadastr pasporti” shakllantirilgan. Аyni vaqtda xususiy korxona ajratilgan 3000 kv.metr yer maydoniga qarorda ko‘rsatilgan bino va inshootlarni qurib bitkazgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi “Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1060-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 15-bandida ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘luvchi holatlar bayon qilingan bo‘lib, ular orasida qarorning tasdig‘i viloyat hokimidan so‘ralmaganligi asosi bilan rad etilishi ko‘rsatilmagan. Shuningdek, ushbu bandda ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi qat`iy belgilangan. Shu bois sudning 2023 yil 29 may kungi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, javobgarning “DAHBET” xususiy korxonasining murojaatiga rad javobi berishda ifodalangan xatti-harakati qonunga xilof deb topilib, uning zimmasiga xususiy korxonaga Boysun tuman hokimining qayd etilgan qarori asosida ajratilgan yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyati yuklatilgan va ayni vaqtda hal qiluv qarorining ijrosi to‘liq ta`minlanib, tadbirkorning buzilgan huquqi tiklangan.

          А. Аbdulakimov,

                                                        Termiz tumanlararo ma`muriy  sudining raisi