Belga etak bog‘ladim

Tog‘lar tepasidagi oppoq bulutlar, osmonda uchayotgan oq kabutarlar, xushbo‘y oq atirgullardagi oqlik – bu inson qalbini quvontiradigan rang. Erta tongdan dala tomon oshiqayotgan odamlarda ham oq rangga tashnalik bordek, go‘yo. Ha, topdingiz oppoq paxtazorlar ularni o‘z bag‘riga chorlayotgani rost.        

Tumandagi “Xolmat Lapasov” fermer xo‘jaligi paxtazorlarida ham mehnat ko‘tarinkiligi avjida. Fermer Abdulaziz hoji Xolmatov dala ishchilari va terimchilarga quvonchli xabarni yetkazdi: – Bugun fermer xo‘jaligimiz shartnoma rejasini bajaradi. Tushlikda esa yanada kengroq dasturxon yoziladi. Hammangiz, reja oshiga, dasturxonga, marhamat!

Ha, elimizda “Ish bilganga ming tanga”, – degan purma`no naql bor. Ishning ko‘zini bilganlar esa sira kam bo‘lmaydi. Bu fermer xo‘jaligi ishning hadisini olgan dehqonlar jam bo‘lgan. Shu boisdan ham ular har yili ilg‘orlar qatoridan joy olmoqda. Bu fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 64 gektar. O‘tgan yil kuzida 36 gektarga g‘alla ekib, hosili kutilganidan ham ziyod bo‘ldi. 28 gektarga “Besh qahramon” navli chigit qadashdi. Dehqonlar tabiat qiyinchiliklarini mardanovor mehnatlari bilan yenga olishdi. Dalalarida ko‘zni quvontiradigan mo‘l hosil yetishtirildi.

-Mehnat jamoamiz gektar boshgia 37,4 sentner o‘rniga 38 sentnerdan sifatli paxta hosilini el xirmoniga yetkazib berdi, – dedi fermer xo‘jaligi rahbari. – Bu mehnat yutug‘ida mexanizator Alijon Xolmatov, suvchilardan Boysoat Bekkamov, Oybek Xolmatov, Abdusattor Mamatraimov, Shavkat Shaymardonovlarning hissasi katta. Terimchilardan Sharof Eshmurodov, Mengliqul Abrayev, Feruza Murodova, Shiringul Mamadaliyevalar kuniga 150-200 kilogrammdan paxta terishib, boshqa terimchilarga ibrat bo‘lishdi. Reja 10 ish kunida bajarilib, el xirmoniga 110 tonna paxta yetkazib berildi.

 Ter to‘kib qilingan mehnatning rohani maroqli bo‘ladi. Fermer xo‘jaligi tomonidan mexanizator Alijonga “SMART-35” rusumli televizor, suvchilarga Ayfon “RETMI-9” telefonlar sovg‘a qilindi. Olqish, shod-u xurramlik yanada avjida. Beliga etak bog‘lab dalaga chiqqan terimchilar jun ro‘mol va sharif bilan siylandi. Ilg‘or fermer xo‘jaligi yana bir dovon oshganligi barchani xushnud etdi. Shartnoma rejasi to‘yi tadbirining badiiy qismini tumandagi 20-Bolalar musiqa va san`t maktabi san`atkorlari va “Bobotog‘ gullari” folklor etnografik jamoasi ishtirokchilari maroqli tarzda o‘tkazishdi. Terimchilar diltortar kuy-qo‘shiqlardan zavqlanishdi, raqsga tushushdi.

Shu quvonchli lahzalarda fermer xo‘jaligi dalasiga tuman hokimi Anvar Normamatov ham tashrif buyurib, dehqonlar quvonchiga sherik bo‘ldi. Ularni yuksak xirmon bunyod etgani bilan qizg‘in muborakbod etdi, fermerlik rahbariga rangli televizorni mukofot tariqasida topshirdi.

Mustaqilligimiz taqdiri, mamlakat taraqqiyoti halovatdan kechib mehnat qilayotgan asl el farzandlari intilishlariga ko‘p jihatdan bog‘liq. Keksalarning “Ishlaringiz unsin” degan bir og‘iz gaplari ham bellariga quvvat, dilga madad bo‘ladi. “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Boymurod Abdumo‘minov ham dehqonlar holidan, mavjud sharoitdan tez-tez xabarlashdi.

Kuzning yoqimli shabadasi esmoqda. Quyosh ham g‘olib jamoani ko‘kdan turib, hayotbaxsh nurlari bilan qutlayotgandek. Paxtazorlarda hali hosil cho‘g‘i mo‘l. “Xolmat Lapasov” fermer xo‘jaligi paxtakorlari daladan yana 15 tonna hosil yig‘ib-terishga bel bog‘lashdi. Bundan ko‘nglim shodlandi, ushbu satrlar qog‘ozga quyulib to‘kila boshladi:

Dalalarga to‘kinlik,

Rizq, nasiba sochilgan.

Qarang, har yonda tinchlik,

Osmon zangor ochilgan.

Yoshligimni eslab men,

Belga etak bog‘ladim.

Paxtalar oppoq, chaman,

Men termoqqa chog‘landim.

Elni kiyintirgan ham,

Osh-u non yedirgan ham.

Kamtar bobodehqonga

Ta`zimlar qilsak ham kam.

        O‘rol ABRAYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zosi.