Rizqda tanglik yuz berishi harom yo‘llarga undamasin!

Mo‘min kishi rizq haqida quyidagi qarashda bo‘lishi kerak:

1-Rizq azalda Alloh tarafidan taqdir qilib qo‘yilgan. Ana shu rizq bandaga yetmay qolmaydi.

2-Rizq o‘z egasini huddi ajali kabi qidirib yuradi.

3-Rizq kelishida kasb-hunar bir vosita bo‘lib, unga ortiqcha baho berib, kasbim orqasidan non topayapman, shu hunarim meni boqayapti, deb e`tiqod qilish shirkka olib boradi. Shuni unutmaslik kerakki, Alloh belgilab qo‘ygan rizq ana shu kasb-kor sababli bandaga yetib turadi.

4-Yer va suv ham rizq kelishida vositadir. Ammo ko‘pchilikda yerdan olingan mahsulotlarni “tabiat in’omlari”, “tabiat bizni boqadi” degan noto‘g‘ri fikr shakllangan. Aslida yer ham, suv ham Allohning  izni bilan bandalarga rizqlarini chiqaradi. Bu ikkisi rizqlanish uchun bir vosita ekanini, rizq esa Allohning dargohidan nozil bo‘lishini yaxshi anglab yetishimiz zarur!

Alloh taolo insonlarning, hayvonlarning va barcha jonzotlarning rizqini o‘z zimmasiga olgan. Zero, Alloh taolo ularning Yaratuvchisi bo‘lgani kabi rizqlarini ham beruvchisidir. Rizqni Allohdan deb bilish, shunga ishonish hamda rizq sabablari bo‘lgan ishimizga suyanib qolmasdan Razzoq bo‘lgan Zotni bir lahza bo‘lsa-da unutib qo‘ymasligimiz muhim amallardandir. Alloh taolo barchamizga halol rizq nasib aylasin.

                                                     Baxtiyorxon Abduzoirov,

     tumandagi «Abu Bakr Siddiq» jome masjidi imom xatibi