Farzand tarbiyasi – onaning muqaddas burchi

Dinimiz bola tarbiyasida onaning o‘rni muhim ekanligini ko‘p  uqtiradi. Chunki buyuk zotlarning aksari yuksak martabalarga yetishishida onalarining hissasi ko‘p bo‘lganiga tarixda misollar yetarli. Hadis ilmi ustozlaridan Sufyon Savriyning onasi o‘g‘liga bunday degan ekan: “O‘g‘lim, ilm o‘rganing, ro‘zg‘or tashvishlarini o‘ylab, fikringizni bo‘lmang. Men, inshaalloh, ip yigirib sotib o‘qishingizga ko‘maklashaman”. Natijada uning o‘g‘li Sufyon yillar o‘tib Avzoiy ta’riflaganidek: “Islom ummati so‘zini bir ovozdan qabul qiladigan nodir olim” bo‘lib yetishdi.

Darhaqiqat, farzand tarbiyasi uchun ota-onaning o‘rni beqiyos. Ota halol rizq bilan farzandlari va o‘z ahlini tarbiya qilsa, kelajakda farzandlari dunyo va oxirat uchun manfaati tegadigan solih farzandlar bo‘lib voyaga yetishadi. Biroq farzandlarni tarbiya qilishda faqat onalar mas’ul emasligini bilishimiz darkor. Bu yerda onadek mo‘tabar zot – farzand tarbiyasi uchun katta rol o‘ynaydi. Ona farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yurishi garchi mashaqqat bo‘lsa-da biroq sharaf va mas’uliyatli amallardan hisoblanadi. Ona halol luqma tanovul qilishi, homiladorlik paytida Qur’oni karim, Hadisi sharif va axloqiyot bobida yozilgan kitoblarni mutolaa qilishi, g‘iybat qilmasligi, shariat qaytarilgan amallardan uzoqda bo‘lishi, toat-ibodatga alohida e’tibor berishi, pok yurishi, butun a’zolari haqqini ado etishi, oqila ayollar bilan imkoni boricha suhbatlashishi, dunyo va oxiratga manfaati tegadigan so‘zlarni so‘zlashishi farzandni dunyoga keltirmasdanoq uning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar ona mana shu ishlarini aksini qilsa, kelajakda farzandi ona qilgan ishlarini takrorlashi ilmiy va hayotiy tajribada bor narsa. Haromdan o‘sgan jasad harom ishlariga moyil bo‘lishi oddiy holatdir. Shuning uchun ona farzand tarbiyasida boshqalardan ko‘ra mas’uliyatli bo‘lishi talab etiladi.

Tarixdan ma’lumki, bizning ulug‘ ajdodlarimiz dunyo ilm-u fan beshigini tebratib kelgan. Mufassirlar, muhaddislar, mutasavviflar, mutakallimlar, faqihlar, mutafakkirlar, shoirlar va olim-u fuzalolarni onalar tarbiyalaganini unutmasligimiz zarur. Payg‘ambardek buyuk zotlarni onalar dunyoga keltirgan. Ona tarbiyasi farzand hayotining kelajagini belgilab beruvchi muhim omillardan sanaladi. Hakim Termiziy, Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Hafs Kabir Buxoriy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy,  Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Yassaviy, Faxriddin Roziy, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Alouddin Attor, Mavlono Ya’qub Charxiy, Xoja Ubaydulloh Ahror va minglab shu kabi ulug‘ zotlarni onalari ruhiy tarbiya berganligi barakotidan shuhratlari dunyoga yoydi.

Mana shunday ulug‘ zotlardan bo‘lmish Chag‘oniyon adabiy muhitida voyaga yetgan Xoja Alouddin Attorning o‘g‘li – Xoja Hasan Attorni ham onalari tarbiyalab o‘z zamonasining murshidi komili bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Dastlab Xoja Hasan Attor tarjimai holi haqida muxtasar to‘xtalib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

U zot Xoja Alouddin Attor hazratlarining farzanlari bo‘lib, asl ismi Hasan manbalarda Xoja Hasan Attor deb keladi. Otalarining fayzu futuhi bilan Xoja laqabini olgan. Otalari Xoja Alouddin Attor – asl ismi Muhammad ibn Muhammad Buxoriydir. Ajdodi xushbo‘yliklar tijorati bilan shug‘ullanganligi bois sulola “Attor” laqabini oladi. Ushbu nisba farzandi – Xoja Hasanga ham o‘tgan. Shu bois u kishining to‘liq ismu shariflari Xoja Hasan Attor Muhammad ibn Muhammad Buxoriydir. “Tuhfat az-zoiriyn”da Hazrat Alouddin Attorning to‘liq nasabnomalari keltirilgandir va bu nasab to Hazrati Ali roziyallohu anhugacha yetib borgan.

Xoja Alouddin Attorning onalari – Xoja Bahouddin Naqshbandning qizlari bo‘lgan. Onalari taqvoli va parhezkor bo‘lib, farzandlari tarbiyasiga katta e’tibor bergan. Shu sababdan barcha farzndalari xojalik maqomiga yetgan. Bu haqda “Tasavvuf haqida tasavvur” kitobida quyidagicha keladi: Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu ham madrasada ta’lim olar, ham suhbatlarda ishtirok etardi. Kundan-kunga uning holi yaxshilanib borar, Shoh Naqshband hazratlari doimiy ravishda uning holidan xabar olib turar edilar. Bir kuni u zot madrasaga tashrif buyurib, eski bo‘yra ustida dars tayyorlab o‘tirgan shogirdlarini izlab topdilar va: «O‘g‘lim Alouddin! Mening balog‘atga yetgan bir qizim bor. Agar qabul etsang, o‘sha qizimni senga nikohlab qo‘ysak», dedilar. «Xojam, bu qulingiz uchun buyuk lutf va saodatdir. Ammo uy va tirikchilik uchun biror narsam yo‘q», dedi. «Tashvish qilma, Allohning xazinasi mo‘l va rizq azaldan taqsim qilinmish. Qizim senga munosibdir. Kel, uyga boraylik, sizlarning aqdi nikohingizni qilaylik», dedilar. Ushbu nikohdan xoja Hasan Attor, xoja Shihobuddin, xoja Muborak va xoja Alouddinlar dunyoga kelishdi. Ularning har birlari ulug‘ xojalar bo‘lib yetishdilar.

Bu yerda bir narsaga urg‘u berishni lozim topdik. Agar tarixda e’tibor beradigan bo‘lsak, otalardan ko‘ra onalarning farzand tarbiyasida roli katta ekan. Zero, ota ro‘zg‘or tashvishi bilan yelib-yugurib yursa, ona esa farzand tarbiyasi bilan uyda band bo‘lgan. Farzandlari olim bo‘lishi uchun dastlab o‘zlari Qur’on o‘qitgan, go‘zal axloq borasida ajdodlarimiz asarlaridan o‘zi o‘qib eshittirgan. Rumiy, Sa’diy, Hofiz, Jomiy, Navoiy, Bedil va Mashrab kabi mutafakkir zotlarning ruhiy tarbiya borasidagi she’rlarini yodlatgan. Alloma Muhammad Iqbol Lohuriy urdu tilida yozilgan bir she’ri mazmunida Ayollar borligi sababli butun koinot zebu ziynat va rang topdi, mana shu ayollarning latofati va ulug‘vorligi sababli hayotimiz farovonlikka va lazzatga to‘ldi.

Darhaqiqat, Alloh taolo ayol zoti xilqatini hikmat bilan yaratgani mana shu yerda ayon bo‘ladi.

Ona mo‘tabar zot ekanligi borasida buyuk mutafakkirlarmiz o‘z asarlarida ko‘plab qimmatli fikrlarni meros qoldirgan.

Bunday go‘zal ibratlar bilan tanishib, Payg‘ambarimizning “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, degan hadislarini yana ham teranroq anglaymiz. Hadisda ta’rifi kelgan onalar farzand tarbiyasi ulug‘ vazifa ekanini tushunib, burchlarini munosib bajargan onalardir. Shuning uchun ona ulug‘ zot ekanligini barchamiz anglab uning qadriga yetishimiz va doimo xizmatlarini so‘zsiz ado qilishimiz  lozim va shartdir.

                 Karomiddin

               Jamahmatov ,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari v.b.

Sog‘lom avlod – kelajak poydevori

Sport – salomatlik garovi. Sport bilan shug‘ullanish inson umrini uzaytirib, epchilligini oshiradi. Yurt posbonlari hisoblanmish harbiylar uchun esa sport kundalik mashg‘ulotlardan biri hisoblanadi. Shu sababli, DXX Chegara qo‘shinlarida turli sport musobaqalari doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi. Ana shunday musobaqalardan  biri Surhondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida sportning yugurish, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilarni jismoniy va ruhiy jihatdan kamol toptirish, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish bugungi kunda jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biridir. Shu maqsadda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan harbiy qismlardan birida harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Sog‘lom avlod – kelajak poydevori” shiori ostida sport musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqalarda harbiy xizmatchilar aqliy va jismoniy rivojlanishga qaratilgan sport o‘yinlari, xususan, 100 metrga yugurish, turnikda tortinish, aralash mashqlar, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashdilar.

Bunday musobaqalar harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi va kuchini oshirishda katta ahamiyatga ega. Sport tadbiri yakunida musobaqa ishtirokchilari va g‘oliblari taqdirlandi.

            S. Xolmamatov,

             harbiy xizmatchi

Asosiy maqsadimiz yurt tinchligini ta`minlash

Qumqo‘rg‘on tumani Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan bugungi kunda bozor, savdo shaxobchalari, ta`lim muassasalari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi o‘rtasida tushuntirish targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Tadbirlar davomida fuqarolarga yashash uylarini hamda tadbirkorlik obyektlarini qo‘riqlovga topshirish yuzasidan  o‘zlarining tegishli  taklif va tavsiyalari berilmoqda. Aytish kerakki,har bir fuqaro  o‘z xotirjamligi, mol – mulki daxlsizligi borasida  e`tiborli bo‘lishi xavfsizligining muhim kafolatidir.  Shu bois ham xonadonlarni qo‘riqlovga topshirish  fuqarolarga qator qulayliklarni yaratadi.  Aholi gavjum hududlarda «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz xonadon», «Xavfsiz turizm» konsepsiyalarining mazmun mohiyati atroflicha ma`lumot berilmoqda. Bugungi kunda tuman Qo‘riqlash bo‘limining Texnik qo‘riqlash punkti tomonidan qo‘riqlanayotgan   267 ta xalq xo‘jaligi obyekti hamda 221 nafar fuqaro xonadonlari ishonchli qo‘riqlanib kelinmoqda. Shuningdek tumanda  jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish  hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni qo‘lga olish  borasida ham boshqarmaning tuman Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari   o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelishmoqda.

                                     N. Panjiyev,

Qumqo‘rg‘on tumani Qo‘riqlash bo‘limi guruh komandiri 

Odam bas kelolmagan qarzdorlikni moslama bartaraf etmoqda

Tabiiy gaz ta’minotida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish boshlanganiga Surxondaryo viloyatida ham uch yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida viloyatdagi 129 mingdan ortiq iste’molchilarning 124 532 nafari xonadoniga ushbu moslama o‘rnatilib, tabiiy gaz sarfi, hisob-kitobi va nazorati avtomatlashtirildi.

Albatta, uch yil mazkur tizim va moslama samarasini xomcho‘t qilish uchun yetarli muddat. Ayniqsa, iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasidagi munosabatlarni shartnomada belgilangan huquq va majburiyatlar asosida yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarda inson omili ishtirokini qisqartirishda sezilarli natijalarga erishildi.

Misol uchun, o‘tgan yili viloyat tabiiy gaz iste’molchilarining joriy yil 1 dekabr holatigacha qarzdorligi 3720 nafar iste’molchini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning ayni vaqtiga qadar bo‘lgan qarzdor iste’molchilar soni 1629 nafarni tashkil etmoqda, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Fayzullo Xurramov. — Shuningdek, zamonaviy hisoblagichlarda termo korrektor qurilmasi mavjud bo‘lib, shuning hisobiga sarflangan tabiiy gaz aniqlik bilan o‘lchanadi. Eski tipdagi mexanik hisoblagichlar bunday imkoniyatga ega emas edi.

Yangi hisoblagichning yana bir qulayligi shundaki, tabiiy gaz yo‘qotishlari, tarmoqqa noqonuniy ulanish kabi holatlarni vaqtida aniqlash imkonini beradi.

Ta’kidlash joiz, ushbu tizim tufayli “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ilgari iste’molchilarning gaz hisoblagichlaridagi ko‘rsatkichlarni yig‘ish hamda tizimga kiritish bilan shug‘ullangan nazoratchi lavozimlari bekor qilindi. O‘rniga maxsus telegram bot ishga tushirilib, u avtomatlashtirilgan tizimga ulanmagan gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini mustaqil tarzda bazaga kiritish imkonini bermoqda. Shuningdek, tabiiy gaz iste’moli hajmi bo‘yicha barcha zarur ma’lumotlarni olish, ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy hisob raqamni doimiy tekshirish, gaz ta’minoti uchun to‘lovlarni ham amalga oshirish mumkin. Bu tizimda shaffoflikni ta’minlashda muhim omildir.

Viloyatda “aqlli” hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Qolgan 4600 ta iste’molchiga ham ushbu hisoblagichlarning o‘rnatilishi qarzdorlikni nolga tushiribgina qolmay, balki ta’minotchi majburiyatlari bekamu ko‘st ado etilishiga zamin yaratishi shubhasiz.

Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati

Mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-iyuldagi 307-sonli qarori bilan Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, kasanachilikni tashkil qilgan tadbirkorlarga Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan ular faoliyatining dastlabki 3 oyida bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida 1 martalik subsidiya beriladi.

Subsidiya olish uchun hokim yordamchisi tavsiyasi asosida mahalliy mehnat organiga yoki YaIDXP (my.gov.uz) portali orqali murojaat qilishi mumkin. Murojaatda kasanachi ma’lumotlari, subsidiya to‘lab berilishi lozim bo‘lgan hisobvaraq va manzili ko‘rsatiladi.

Murojaat 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Subsidiya ajratish quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:

hujjatlar to‘liq taqdim qilinmaganida;

kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi Yagona elektron shartnomalar portalida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganda;

kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi daromadi haqidagi ma’lumot haqqoniyligi tasdiqlanmasa.

Murojaat rad etilganida 1 kunda bu haqida murojaatchiga xabar beriladi.

Subsidiya ajratish haqida qaror qabul qilinganida 5 ish kunida subsidiya murojaatchiga o‘tkazib beriladi.

                           O‘tkir Shaymanov,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi