Bekorchilik ortidagi qimor o‘yini

Yurtimizda aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Biroq ba`zi bir qo‘shtirnoq ichidagi fuqarolar bo‘sh vaqtlarini qimor o‘yinlarini o‘ynash bilan o‘tkazishayotganligi achinarli holatdir. Oilali, farzandi bor oila boshliqlarining qimor o‘yini o‘ynashlari qanchalik haqiqatga yaqin.

Sho‘rchi tumani “Ko‘klam” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Ushbu sud majlisida  B. Komilov (ism familyasi o‘zgartirilgan)  yashash xonadonida o‘rtoqlariga karta o‘yini “Xulus” qimor o‘yinini o‘ynashlari uchun sharoit yaratib berib, ushbu qimor o‘yinida kartaning belgilangan guliga 5000 (besh ming) so‘m pul olib, qimor o‘yinini qonunga xilof ravishda tashkil etish va  o‘tkazish jinoyatini sodir etganligi ko‘rib chiqildi. B. Komilovning xonadoniga o‘rtoqlari kechki vaqtda mayovkaga chiqish uchun maslahat qilishga yig‘ilishgan. O‘sha kuni soat 22:00 larda ular qimor o‘ynayotgan xonaga IIB xodimlari kelib o‘rtadagi pul ba kartalarni hujjatlashtirib olishgan. Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan  28 dona va 9 pachka DBK – 3 kartalari hamda 1.738.000 so‘m pullar hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar  B. Komilovnning aybdorligida o‘z tasdig‘ini  topdi. B. Komilov O‘zbekiston Respublikasi JK ning 278-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. O‘zbekiston Respublikasi JK ning 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 30 barovari ya’ni 9.000.000 (to‘qqiz million) so‘m jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat daromadiga undirildi.

           Z. Abdimuratov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudi devonxona mudiri