Avvalambor eshiting

BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasiga binoan har yili 26 iyunda Xalqaro giyohvandlik va bangifurushlikka qarshi kurash kuni  nishonlanadi. Har yilgi tadbirlarga alohida nom beriladi.

Bu yilgi shior “Avvalambor eshiting” deb nomlangan. Tahlilchilarning fikricha, giyohvand moddalarning keng tarqalishi bir qator ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi. Jumladan, demografik fojealarni keltirib chiqaradi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda jinoyatchilik ko‘zga tashlanadi.  Giyohvandlikka qarshi kurashda ilk bor bundan yuz yillar muqaddam hamkorlik qilina boshlandi. 1909 yilning fevral oyida 13 ta davlat vakillari Osiyoda giyohvand moddalar yetishtirilishiga qarshi kurash maqsadida Shanxay komissiyasini tashkil etgan.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, jahonda giyohvand moddalar noqonuniy savdosi muammoligicha qolmoqda. Bu hamon jiddiy tahdid     sifatida ko‘riladi. Ma`lumotlarga ko‘ra, 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida qayd etiladigan o‘limlarning 1,3 foizi giyohvandlik oqibatida yuz berar ekan. Bir yilda 211 mingta o‘lim aynan giyohvandlik oqibatida kelib chiqadi. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda giyohvandlik oqibatida  1,6 million kishi  VICHga mubtalo bo‘ladi. 7,2 million kishi esa gepatit C virusini yuqtirib oladi.  1,2 million kishi  gepatit B virusiga chalinadi.                                                                                                                            

 Mamlakatimizda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, yoshlar jamiyat hayotida tobora faollashib, o‘z o‘rniga ega bolayotgan bir vaqtda ayrim irodasi sust o‘smirlar giyohvandlik balosiga mubtalo bo‘layotgani barchamizni tashvishga soladi. Zero, og‘u inson jismini qanchalik xarob qilsa, xuddi shunday jamiyatga ham mislsiz darajada zarar yetkazadi. Asr vabosi deb atalayotgan bu illat tinch, totuv yashayotgan oilalarni buzadi, bolalarni yetim qiladi, muhtojlik, qashshoqlikda yashashga majbur etadi. Oqibati esa, albatta, ayanchli yakunlanadi.

Yоmon yo‘ldan qaytib, to‘g‘ri yo‘lga kirish uchun har qanday inson imkon topa oladi. Imkon topmaganlar esa jaholat girdobiga botadilar, hayotlarini barbod qiladilar. Giyohvandlik va giyohfurushlik yosh avlod tarbiyasiga, insoniyat kelajagiga katta ziyon yetkazayotgani butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Shu sababli bu ofatga qarshi kurash hozirda yer kurrasidagi global muammolardan biriga aylandi. Asr vabosiga qarshi kurashish – barchamizning ishimiz. O‘zini shu yurt farzandiman, deb bilgan har bir fuqaro bu harakatdan chetda turmasligi kerak. Mazkur jarayon umummilliy kurashga aylanmog‘i shart. Shundagina minglab yoshlarimizning kelajagini, oilalarimiz osoyishtaligini saqlab qolgan bo‘lamiz.

Bangifurushlik va giyohvand moddalar iste`moli so‘zsiz aholi sog‘lig‘i va jamoat xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘riladi. Bir qator mamlakatlarda bu illat jamiyatning barqaror rivojlanishiga xalaqit berayotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jumladan, bangilarni davolash uchun katta miqdorda mablag‘lar sarflanmoqda. Bu mablag‘lar davlat budjetidan ajratilayarti. Mutaxassislarning hisob- kitoblariga qaraganda, bugungi kunda har olti giyohvandning bittasi davolanish imkoniyatiga ega ekan. Ularni davolanishi uchun bir yilda o‘rtacha 35 milliard dollar sarflanayapti. Bangilarni davolash uchun ajratiladigan sarf-xarajatlar o‘z yo‘liga. Ammo ularning jamiyat hayotiga tahdid solishlayotganini ham aslo yoddan chiqarish  kerak emas. Shu sababli ham bangilar sog‘liqni saqlash tizimidan tashqari ijtimoiy hayotga ham  muammo yaratuvchi sifatida tan olingan.

 Giyohvandlikka mubtalo bo‘lish nafaqat bir shaxsning muammosi, balki ularning oilasi, jamiyat uchun ham bosh og‘rig‘idir.

So‘nggi yillarda jahon mamlakatlarida giyohvandlikka qarshi keng qamrovli kurash olib boriloqda. Shuning uchun turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bunda ijtimoiy reklamalardan ham keng foydalanilayapti. Eng muhimi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘lida ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Giyohvandlikka qarshi kurash doirasida giyohvand moddalarni noqonuniy savdosiga chek qo‘yish ham asosiy vazifalardan hisoblanadi. Transmilliy giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlari, jumladan Interpol, Yevropol, Jahon Bojxona tashkiloti kabi tashkilotlar hamkorlikda faoliyat yuritishmoqda.

Hozir giyohvandlik girdobiga mubtalo bo‘layotganlarga qarata bir og‘iz gap aytish kerak. Hayot go‘zal, yashash yaxshi. Har qanday muammoni hal qilish mumkin. Shu sababli o‘zingizni chohga tashlamang. Agar siz o‘limga olib keladigan suyuqlik solingan shprisni qo‘lingizga olar ekansiz, kelajagingizni umrbod qorong‘ulik qa`riga tashlashingizni unutmang. Qo‘lingizga giyohvand modda berilar ekan, siz yo‘q degan qat`iy so‘zni ayting. Shundagina tirik qolasiz.

                                                                                   SH. QULTO‘RAYEV,

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish hududiy bo‘linmasi vrachi