Hokim yordamchilari halovatdan kechib ishlashlari kerak

Mamlakatimizda Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayoni shiddat bilan kechmoqda. Gapimizning isboti uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qabul qilgan qaroridagi vazifalarni keltirishimiz mumkin.

Ushbu qarorning 19-bandida Xalq qabulxonalari tomonidan har oyda bir marotaba mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish, buning natijalarini Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida muhokama qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish kabi mas’uliyatli topshiriqlar o‘z aksini topgan.

Bu kabi dolzarb topshiriq ijrosini ta’minlash borasida tuman aholisidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalarida kelib tushgan murojaatlar atroflicha tahlil qilindi va hokim yordamchilarining natijadorligi o‘rganildi.

O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, tuman aholisidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga 18 yoshgacha bolalar nafaqasi bo‘yicha 166 ta, uy-joy bilan ta’minlash masalasida 30 ta, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam berish masalasida 25 ta, ish bilan ta’minlash masalasida 20 ta, davolanishga moddiy yordam so‘rab 25 ta, 18 yoshdan kattalar uchun moddiy yordam so‘rab 20 ta, uy-joyni ta’mirlash va qurish uchun moddiy yordam va qurilish mollari ajratishni so‘rab 26 ta, “Temir daftar” dasturi bilan bog‘liq masalalarda 20 ta va shunga o‘xshash ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Tahlillardan kelib chiqib, hokim yordamchilari o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda ish faoliyatini ushbu yuqorida nomi qayd etilgan qaror talablari asosida bajarishlari uchun yoshlik kuch-g‘ayrati bilan o‘zini ayamasdan, ishchanlik, bilimdonlik va jonkuyarlik bilan astoidil mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning ko‘p qismi Bog‘aro, Jaloir, Chayontepa, Arpapoya, Uyas, Jarqishloq, Tayfang va Oqtom mahalla fuqarolar yig‘inlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari o‘zlariga tegishli hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga oid fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilishga jiddiy e’tibor qaratishlari juda muhimdir.

                                                                      E. MAMATQULOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi