ISHBILARMON TADBIRKORLAR VA CHORVACHILIK XO‘JALIKLARI UCHUN KENG IMKONIYAT

Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, mamlakatda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mazkur sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida yangi vazifalar belgilandi.

Jumladan, aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta`minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta`minlash; chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya hamda xorijiy kapital oqimini ko‘paytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish; chorvachilik xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish samaradorligini oshirish va boshqa bir qator vazifalar qarorda ifodasini topgan.

Aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, sut, tuxum, parranda go‘shti va boshqa mahsulotlar bilan ta`minlashda iste`mol talabining oshishi hamda real daromadlarning ortishini hisobga olgan holda, chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi ko‘paytirib boriladi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishni jadallashtirish mexanizmlarini amaliyotga keng ko‘lamda tatbiq etish, xo‘jalik yuritish va ishlab chiqarishning zamonaviy usullari qo‘llaniladi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida chorvachilik sohasining parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik va asalarichilik tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar salmog‘i oshiriladi. Go‘sht, sut, tuxum, parranda go‘shti, baliq, quyon go‘shti va asal mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshiriladi hamda mahalliy mahsulotlarni xalqaro sifat talablariga moslashtiriladi.

 Chorvachilik va uning tarmoqlarida ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish zarur. Ushbu ustuvor yo‘nalish chorvachilik sohasida ozuqabop ekinlar uchun ajratilgan yerlar va mavjud yaylovlardan samarali foydalanish hamda ozuqabop ekinlar urug‘chiligini tizimli yo‘lga qo‘yish mexanizmlarini belgilab beradi. Belgilangan vazifalar sirasiga paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxtachilik-g‘allachilik fermer xo‘jaliklaridagi ekin yerlarida ilmiy asoslangan holda ozuqabop ekinlarni almashlab ekish yo‘lga qo‘yiladi.

Barcha toifadagi xo‘jaliklarda chorva mollarining naslini yaxshilash, chorvachilik fermer xo‘jaliklarining naslchilikka ixtisoslashuvini kengaytirish, sun’iy urug‘lantirish ko‘lamini oshirish orqali mahalliy mahsuldorligi past bo‘lgan sigirlardan zoti yaxshilangan nasl olishni ko‘paytirishga qaratilgan. Chorvachilik fermer xo‘jaliklari va dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish orqali aholi xonadonlaridagi chorva mollarining zotini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. Sut va go‘sht mahsulotlarini saqlash, ozuqa tayyorlash, mikroiqlim sharoitlarini yaratish, sut sifatini joyida tekshirish, organik chiqindilardan tozalash va ushbu jarayonlarni keng yo‘lga qo‘yish orqali chorvachilik xo‘jaliklarida ishlab chiqarishning iqtisodiy samarasini jadallashtirish choralari ko‘riladi.

Chorva hayvonlari va parrandalarni parvarishlash samaradorligini oshirish orqali sohada mehnat sarfi kamaytiriladi hamda ishlab chiqarish xarajatlari qisqartiriladi. Buning uchun avtomatlashtirilgan va kompyuterlashtirilgan texnologik uskunalar va jihozlar bilan chorvachilik fermer xo‘jaliklarini ta`minlash va ularga qulay bozor sharoitlarini yaratib berish; chorvachilik sohasiga oid texnologik, marketing, iqtisodiy, ilmiy va amaliy foydali ma`lumotlarni o‘z ichiga oluvchi «Chorva» mobil ilovasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish va boshqa bir qator vazifalar amalga oshiriladi.

Prezident qarorida parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik soha va tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha ham muhim topshriqlar berilgan.  Quyonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish hamda kooperatsiya tizimi asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlarning zimmasira yuklandi. Endi qishloq xo‘jaligi xodimlari va mehnat ahli qarorda ko‘rsatilgan vazifalarni o‘rganib, izchil amalga oshiradi.

              T. PARDAYEV,

“O‘zagroinspektsiya”ning Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi bosh mutaxassisi