Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning qisqacha mazmun-mohiyati  bilan tanishtiramiz

1. “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–121-son, 12. 04. 2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan davrda amaliy yordam berish uchun 2023 yilda har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 nafargacha mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilishga ruxsat berildi. Buning uchun Agentlik tizimida qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirishni joriy qilishga mas’ul bo‘lgan direktor o‘rinbosari shtati joriy qilinadi.

Prezident qarori doirasida Agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023 yilda ajratilishi ko‘zda tutilgan 400 milliard so‘m byudjet ssudasi hisobidan 100 milliard so‘m yillik 10 foiz stavkada quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi belgilandi: dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash; suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatishga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada qarz ajratish. Bunda, berilayotgan qarz mablag‘lari olinayotgan daromadning 50 foizidan oshib ketishi mumkin emas.

Qarorga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Ushbu mablag‘lar: qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200–250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilish uchun yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

2023–2025 yillarda Sirdaryo viloyatida foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham “ijtimoiy issiqxona” tashkil qilinib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 sotixdan ajratiladi.

                                                                                                                            R. SULTANOV,

                                                                                                                                 Adliya bo‘limi boshlig‘i

2. “Milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (152-son, 12. 04. 2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023 yil 15 apreldan milliy haydovchilik guvohnomasini, shu jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda: milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari joylashtiriladi, agar axborot tizimlarida ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchilar o‘zlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etadi; milliy haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish bo‘yicha arizalar ariza beruvchilarning YaIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali onlayn tarzda har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin; yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.

2023 yil yakunigacha barcha mavjud haydovchilik guvohnomalari jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bog‘langan holda raqamlashtiriladi.

                                                                                                                        SH. BO‘RONOVA,

                                                                                                                               DXM xodimi 

3. “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–51-son, 13. 04. 2023 y.) qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning amaldagi tartibiga 2023 yil 1 maydan quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi: banklarga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinadi; banklarga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi; professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo‘yicha dars berayotgan yoki o‘quv amaliyotini o‘tkazayotgan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi; uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi; 2023 yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023 yil 1 maydan 2023 yil 1 dekabrgacha qabul qilinadi; Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Xalqparvar” komissiyalarining axborotiga asosan xato ajratilgan deb topilgan subsidiya xabarnomalarini dasturiy ta’minotdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bekor qilish va to‘lovlarni to‘xtatish huquqi beriladi.

Farmonga ko‘ra, 2023 yilda: kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun respublika bo‘yicha jami 44690 ta ipoteka kreditlari ajratiladi. Mazkur kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarga ajratilishi belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan: qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit ta’minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladi; 2025 yil 1 yanvargacha ayrim qurilish materiallari va xomashyo turlarini (jadvalda keltirilgan) import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

2024 yil 31 dekabrgacha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda – 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga kafillik va kompensatsiya taqdim etiladi. Bunda: kompensatsiya – kredit summasidan qat’i nazar har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun kreditning 5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha to‘lanadi; kafillik – kredit summasidan qat’i nazar har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi; kafillik va kompensatsiyalar berish uchun maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan kvartiralar soni qurilayotgan uy-joydagi jami kvartiralar sonining kamida 70 foizini tashkil etishi lozim.

Farmonga ko‘ra, 2023 yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida (38 ta) jami 837 ta (shundan 305 tasi yangi) ko‘p kvartirali uy-joylar quriladi. 2023 yilda fuqarolarning alohida toifalari (harbiy xizmatchilar) uchun 4000 ta kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi. Farmonga ko‘ra, “Mening birinchi uyim” dasturi tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshiriladi.

                                                                                                                                                  S. ALIQULOV,

                                                                                               FHDYO bo‘limi  2-toifali  inspektori

4.“Aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (159-son, 17. 04. 2023 y.) qabul qilindi. Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi: Aeroportlarning aerovokzal majmualarida va vokzal oldidagi maydonlarda xavfsizlikni ta’minlash tartibi to‘g‘risida; Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish, ularning temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) bo‘lishi tartibi to‘g‘risida; Avtovokzallarda (avtostansiyalarda) yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish, ularning avtovokzallarda (avtostansiyalarda) bo‘lishi tartibi to‘g‘risida.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, jumladan: Aerovokzal majmualari binolariga kirish joylariga yaqin kelib to‘xtash uchun faqat yo‘nalishsiz va yo‘nalishli taksilarga ruxsat etiladi, shaxsiy avtomobillar va jamoat transporti yo‘lovchilarni va tashrif buyuruvchilarni olib ketish va olib kelish uchun mo‘ljallangan avtomobil turargohi va to‘xtash joylariga yo‘naltiriladi. Shuningdek, estakadadan foydalanish uchun yo‘lovchi tashish avtotransportlariga ruxsat beriladi. Bunda yengil avtotransportlarga estakadada 5 daqiqagacha hamda avtobus va mikroavtobus avtotransport vositalariga 10 daqiqagacha to‘xtab turishga ruxsat beriladi.

Barcha turdagi avtotransport vositalari aerovokzallar majmualari chegarasidan 30 metrdan kam bo‘lmagan masofada joylashtiriladi. Temir yo‘l vokzallarida ko‘zdan kechirishdan o‘tish vaqti yo‘lovchilarning poezdga chiqishga kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarur. Bunda ko‘zdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida ko‘zdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

                                                                                                                       S. MENGLIQULOV,

                                                                                   Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i

5. Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritish bo‘yicha Qonun (O‘RQ–830-son, 18. 04. 2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Kodeksning 332-1-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra: Huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi: Kodeksning 131, 132, 136  va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda; jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda; xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda. Qonun 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kiradi.

                                                                                                                     D. XUDOYQULOVA,

                                                                                      tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi

6. Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–831-son, 19. 04. 2023 y.) bilan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish kiritildi. Unga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori: 2023 yil 1 sentabrgacha 100 milliard so‘mni; 2023 yil 1 sentabrdan 200 milliard so‘mni; 2024 yil 1 apreldan 350 milliard so‘mni; 2025 yil 1 yanvardan 500 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 100 milliard so‘mni tashkil etishi lozim edi. Shuningdek, tashkil etilayotgan yoki qo‘shib yuborish, bo‘lish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan bank ustav kapitali yuqorida nazarda tutilgan kundagi miqdorlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

                                                                                                                           SH. BO‘TAYEV,

                                                                                                                             DXM boshlig‘i

7. “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratishni takomillashtirish hamda aholining doimiy daromad manbalarini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori  (161-son, 19. 04. 2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, oilaviy dasturlar bo‘yicha kreditlar foizi yillik 14 foizdan oshmaydi. Bunda: kreditlar ustuvor ravishda dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlarga ajratiladi; dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lagan kichik tadbirkorlarga o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.

 Shuningdek: hokimliklar dehqon xo‘jaliklariga yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlar bozorini topishga ko‘maklashadi; Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi narxlar asossiz o‘sishining oldini olish, yetkazib berilayotgan mahsulotlar (ko‘rsatilayotgan xizmatlar) narxlarining hududdagi ichki bozor narxlariga mutanosib bo‘lishini ta’minlaydi; hokim yordamchilarining kredit ajratish bo‘yicha tavsiya berishiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. “marketpleys” tizimi “Ye-aktiv” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

 Dasturlar doirasida 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar: Prezident qaroriga asosan zargarlik ishi yo‘nalishi bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan shaxslarga zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va asbob-uskunalar sotib olish uchun; agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olgan dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlarga ajratiladi.

                                                                                                                              S. YUSUPOV,

                                                                                                                               DXM xodimi