GIYOHVAND MODDA ISTE`MOLCHISI FOSH ETILDI

Xalqimiz “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deb to‘g‘ri aytgan. Giyohvandlikka ruju qo‘ygan odamni jazolasa ham, jazodan ozod etsa ham to‘g‘i odatga ko‘nikmas ekan. Buni 1961 yil 15 sentyabrda Boysun tumanida tug‘ilib 62 yoshni qarshilagan E. F. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) ning qora qilmishlarida ko‘rdik. U muqaddam jinoyat sodir etgani uchun 15 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi. Jazoning o‘talmay qolgan qismi axloq tuzatish ishlariga almashtirilgandi. Hatto jazodan ozod ham qilingandi. U bundan ijobiy xulosa chiqarmadi.

Avval giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy shug‘ullanganligi uchun ozodlikdan mahrum qilingandi. 2021 yil sentyabr oyida uzil-kesil ozodlikka chiqarilgandi. Probasiya ro‘yxatidan chiqarilgandan so‘ng norkotik modda iste`mol qilishni xohlab qoldi. 2021 yil noyabr oyida tanishidan norkotik modda sotib olgan, bu holat bir necha marta takrorlangan. 2022 yil aprel oyida oxirgi marta shu shaxsdan 6 gramm gashish giyohvandlik moddasini xarid qilgan. Tanishi vafot etgan, o‘zi oyiga bir marta og‘uni iste`mol qilgan.

Surxondaryo viloyat IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qumqo‘rg‘on tumani Yangishahar mahallasidagi xo‘jalik mollari bozori yonidan o‘tayotgan E. F (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Uning shimining chap cho‘ntagida “gashish” giyohvandik moddasiga o‘xshash narsa aniqlandi. Sud-kimyoviy ekspertizasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 366-son xulosasiga ko‘ra 3,64 gramm giyohvandlik moddasiligi ma`lum bo‘ldi. Sud-narkologik ekspertizasining 2022 yil 17 noyabrdagi 249-sonli dalolatnomasida giyohvandlik moddasi bilan qo‘lga tushgan mazkur shaxs norkamaniya bilan kasallanganligi, biroq yoshi kattaligi sababli majburiy tibbiy davolashni qo‘llab bo‘lmasligi qayd etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi 2023 yil 16 fevraldagi ochiq sud majlisida shu jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Fuqaro aybli deb topilib, sutkaning kech soat 21.00 dan ertalab 06.00 ga qadar Yangishahar mahallasidagi yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

                          M. KENJAYEV,

Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining yordamchisi lavozimida ish o‘rganuvchisi