ISTIQLOL

Istiqlol so‘zi mazmuni jihatdan ahamiyatga ega. Bu so‘zning mohiyatini idrok etishga intilgan har bir kishi ongida “biz avval kim edigu, hozir kimmiz?” degan savol o‘tishi tabiiy. Milliylik –  madaniyatning ildizlaridan biri, uni oziqlantiruvchi manbadir. Milliy madaniyat esa muayyan diniy dunyoqarashga ham suyanadi. Bu kashfiyot emas, balki jahon xalqlari taraqqiyoti tajribasidan chiqqan muqarrar saboqdir. Demak, milliylikning eng muhim qirralaridan biri diniy e’tiqod bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekiston ma’naviy tarqqiyotining yangi bosqichi umuman din va xalqimizning asosiy e’tiqodi bo‘lgan Islomga munosabatning tubdan o‘zgarishidan boshlandi. Chunki ota-bobolarimiz qalb to‘rida ardoqlab kelgan hayit bayramlarimizning dam olish kuni deb e’lon qilinishi haqidagi tarixiy farmon davlat mustaqilligi  qo‘lga kiritilgan dastlabki paytda qabul qilindi. Shu tariqa bobolarning armoni bo‘lib qolgan haj farzini ado etish uchun zarur huquqiy zaminga asos solindi. Xalqimizning asriy orzusi ushaldi. Ushbu tarixiy voqeaning qadimiy Navro‘z va ona tilimiz haqqoniy maqomining tiklanishi bilan birga kelishi, diniy e’tiqodga munosabatning o‘zgarishi chuqur o‘ylangan, hayotning o‘zi bergan achchiq saboqdan chiqarilgan yagona to‘g‘ri va mantiqiy xulosa ekanligini ko‘rsatdi.

Ana shunday ma’naviy islohotlarning o‘zagini asliyatga, ya’ni o‘zlikka qaytish tashkil etishga shubha qolmadi. O‘zlikni anglash zarurati esa shonli tariximiz haqiqatni hamda ona tilimizning tabiiy maqomini tiklash bilan bir qatorda, albatta, ma’naviy-ruhiy va milliy-diniy qadriyatlarimizga yangi hayot bag‘ishlashni ham taqozo etib, bu yo‘lda qat’iy qadamlar qo‘yishga undadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xalqimiz milliy qadriyatlari tizimidagi diniy merosimiz tutgan alohida o‘ringa muntazam ravishda urg‘u berib, uning to‘laqonli tiklanishini ta’minlashga intilib kelgani nechog‘lik oqilona tadbir ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilmoqdamiz.

                  M. ALIYEV,

“Axadxon” jome masjidi imomi