Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili izchil bosqichma-bosqich amalga oshirish natijasida insonlarning tafakkuri taraqqiy etmoqda. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy turmushida ijobiy o‘zgarishlar namoyon bo‘layapti. Fuqarolar o‘zlarining mehnat faoliyatini tashkil etish, buning uchun zarur subyektlarni tegishli tashkilotlarda ro‘yxatga olish, rasmiy-idoraviy hujjatlarni yuritish, fuqarolarning manfaatlari, huquqlari va erkinlarini himoya qilish kabi keng qamrovli vazifalarni ro‘yobga chiqarayapti. Umumiy holda aytganda aholining faoliyati, turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar tatbiq etilayapti.
2023 yil 30 aprelda fuqarolarning ishtirokida umumxalq referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi XI bobda fuqarolarning burchlari tegishli moddalarda ifodalangan. Mazmun-mohiyatiga ko‘ra tushunarli va aniq bayon qilingan burchlarni hayotga tatbiq etib fuqarolik jamiyatini har qachongiga qaraganda rivojlantirish yaqqol ko‘rinayapti. Jumladan, bosh qomusimizning 59-moddasida “Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar», 60-moddada “ Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”, 61-modda “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma`naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, ma`naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, 62-modda “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”.
Biz fuqarolar uchun erkin va farovon turmush yaratayotgan, ularning sha`ni, qadr-qimmati, ulug‘lanayotgan, hayotiy faoliyatining barcha jarayonlarida huquqlari muhofaza qilingan jamiyatda yashayotganimizdan xursandmiz. Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan mazmunli vazifalar barcha fuqarolarning dunyoqarashi va xatti-harakatlarini rivojlantiradi. Vazifalarni izchil bajarib ijtimoiy asoslari mustahkam yurtda baxtiyor yashaymiz.
N. MUHAMMADIYEV