Qadamlari qutlug‘ ustozlar

Qumqo‘rg‘on tumanidagi 14-umumta’lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi Shamsiddin Axmamatov sifatli ta’lim haqidagi gurungimizni “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobidan iqtiboslarni aytish bilan boshladi: Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi; tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi; Yangi O‘zbekiston-ma’rifatli jamiyat…

Bu iqtiboslarga fan o‘qituvchisi  o‘zining fikr va mulohazalarini ilova qildi: Har qanday jamiyatnnig  eng katta boyligi avvalo – inson. Shu jamiyatnnig fuqarolari. Bu boylik maktablarda kashf qilinadi, shakllantiriladi. Insonni  shakllantiradigan odam-o‘qituvchi. Xo‘sh, sifatli ta’lim shiori jiddiy tarzda o‘rtaga tashlangan bugungi kun o‘qituvchisining o‘zi qanday sifatlar sohibi bo‘lmog‘i lozim.

-O‘quvchi o‘zining ota-onasini qanday tanisa, qay darajada ularni ko‘ngliga yaqin olsa, o‘z o‘qituvchisini ham shu darajada tanimog‘i, ko‘ngliga yaqin olmog‘i kerak. Buning uchun o‘qituvchi unga o‘zini tanita bilmog‘i, o‘quvchisining qalbiga kirib bormog‘i kerak.

Uning bu ibratli gapi hammani quvontirgudek, ezgu maqsadlar sari ildam intilishga boshlaydigandek tuyuldi.  Men haligacha ko‘z oldimga keltirib yuradigan yorug` siymolar ustozlarimni esladim.  Pedagogga ularning ish faoliyati haqida qisqacha gapirib berdim. Ulardan biri – O‘rol Yo‘ldoshev. Fizika-matematika muallimi edi. Ko‘p yillar tumandagi 7- maktabda ishladi. Bolalarni o‘qitib, ularning oliy ta`lim muassasalarga o‘qishga kirishga tayyorladi.   Har yili 17-20 nafar shogirdining hammasi oliy ta`limga o‘qishga kirdi. Poyon Mallaev degan bir hamkasbi O‘rol ustozni butun bir xalq ta’limi bo‘liminnig yarim ishini qilgan va qiladigan odam deb ta’riflagan edi. U doskaga misol va masalalarni dona-dona qilib yozib ketaverar edi. Nima sehri bor ediki, u dars berib boshlasa matematika va fizikaning misol va masalalarining sirlari biz o‘quvchilar uchun sharq etib ochilib ketayotganday bo‘laverardi. Biz plyus-minuslar, x-y lar, kvadrat-kublar, tezlik-tezlanishlar degan tilsimlarning g‘aroyib olamiga mahliyo bo‘lib boshlardik. Bu olamdan zavqlanardik. Ikki oy o‘tib-o‘tmay O‘rol domlaning qo‘lida ancha savodim chiqib qoldi. Ustoz bizga mavzuni shunchaki tushintirmadi. Bilimlarning ichiga olib kirdi. Qanot baxsh etdi. Ilhomlantirdi. Amaliy mashg‘ulot darsida u kishi bizga to‘rtta mayda sim bo‘laklaridan radio yasab ko‘rsatdi. Shamol varragiga ulangan lampochkani  yarqillatib yondirib ko‘rsatdi.  Bir kuni maktabga maydagina temir chambarakni olib keldi. Bu o‘zim yasagan generator. Suv tarnoviga yoki suv tegirmoniga o‘rnatilsa, bu chambarak bir uyni yoritadigan elektr energiyasi ishlab chiqaradi dedi. Biz sinfdoshlar Kakaydi arig‘iga tutash suv shaxobchasiga o‘qituvchimizning loyihasi asosida maydaroq tegirmon qurib boshladik. Uni o‘zimizcha elektr stansiya deb atadik. Shu ustozining himmati bilan sinfimizdan to‘rt nafar muhandis, to‘rt nafar matematika o‘qituvchisi chiqdi.

Men Fayzulla Jo‘raev degan odamni bilaman. Bu yil to‘qson  besh yoshni to‘ldirdi. Hamon qo‘lidan kitob tushmaydi. Goh ko‘zoynak taqib, goh taqmasdan haliyam o‘qiyveradi. “O‘tkan kunlar”, “Qutlug‘ qon” romanlarini deyarli yoddan aytib bera oladi. Modern adabiyotini tushinadi. Baholi qudrat tomorqasida ishlaydi. Matematik tenglamalarni yechishni mashq qilib hordiq chiqazadi. Albert Enshteyinning nisbiylik nazariyasi nima uchun nisbiy deb atalishi bilan yigirma yoshidayoq qiziqib boshlagan ekan. Bu qiziqish haliyam so‘nggan emas. Haliyam bu nazariyannig tubiga yanada yaxshiroq yetishga intiladi. Fayzulla ustoz o‘n to‘rt yoshidan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan. Urushning oxirgi yillari frontga jo‘natishlarini so‘rab yozgan arizasi rad qilingan. Siz maorifimiznnig generalisiz. Shunday odamni oddiy askarlikka jo‘nata olmaymiz deyishgan. Yaqinda uning Qurbon ismli o‘g‘lini uchratib qoldim. Qurbon otasining sifatli ta’limga sifatli o‘qituvchilar kerak, aholi ko‘payib borayapti, ammo energetik resurslar esa kundan-kunga kamayib borayapti. Yetishmovchiliklarning o‘rnini faqat bilim bilan to‘ldirish mumkin degan gaplarini tilga oldi.

Sh. Axmamatovning  ruxsati bilan uning bir soatlik  amaliy mashg‘ulot darsiga kirib o‘tirdim.  Xonadagi hamma kompyuterlar soz. “Maktab. uz” saytini ochasiz. O‘zingiz xohlagan fan darsining elektron variantiga tushasiz. O‘rganasiz. Savol berishdan tortinmaysiz deydi o‘qituvchi. U berilgan topshiriqning ijrosini kuzatadi. Mashg‘ulotni o‘tgan darslardagi nazariy saboqlar bilan bog‘laydi. O‘quvchi to‘xtab qolgan joyda unga turtki beradi. Har birining mashg‘ulotga yondoshuvini baholashga ulguradi. Uy vazifasini belgilaydi. Dars sifatidan o‘quvchilar va o‘qituvchi mamnun. Chunki darsda maqsadga erishilgani, vaqt, fursat behudaga o‘tmagani ko‘rinib turadi.

– Har bitta o‘quvchi o‘zicha bir dunyo. Bir qolipga sig‘maydigan olam. Har qaysinnig bir-birinikiga o‘xshamagan ko‘ngli, qiziqishi bor. Fe’l-atvori, qobiliyati, iste’dodi, uy, yashash sharoitlari… Gap o‘quvchining ko‘nglini anglashda. Ko‘nglini topishda. O‘qituvchi  shogirdlarini o‘ziga moslashtirib emas, ularga moslashib ishlashni o‘ylashi kerak. O‘qituvchi kerak bo‘lsa o‘quvchining izidan soyadek ergashib yursin. O‘quvchidan yaxshi odam chiqishiga uni ishontira bilishi kerak, – dedi informatika o‘qituvchisi.

Bu ustozning o‘ziga ishongan shogirdlari oz emas: Safarova Nozima, Jumanazarova Parvina, Eshbo‘rieva Dilchehra, Soatmurodov Sulton, Panjieva Laylo…Fan bellashuvlariga  qatnashishib yuqori o‘rinlarni egallab, jamoaning, ustozlarning, ota-onalarining yuzini yorug‘ qilishmoqda.

Axmamatov 1-toifali o‘qituvchi. MS EXCELda matematik funksiyalarni qo‘llash bo‘yicha ishi tuman bo‘yicha ommalashtirilgan. Informatikani o‘rganish bo‘yicha ishlari yurishmay turgan maktablarga borib namunali darslar o‘tadi. Xullas, Axmamatov ishlayotgan dargoh shu fanni o‘rgatish bo‘yicha tajriba maktadiga aylangan. Hamkasblar tajriba o‘rganish uchun bu yerga tez-tez kelib turishadi. Katta yoshdagi, boshqa kasbda ishlaydiganlar ham undan saboq olishga xohish bildirishadi. Yaxshi ustoz o‘rganaman degan kasbdoshining xohishini olqishlab, jon-jon deb unga yordam qo‘lini cho‘zadi. Maktab-muqaddas dargoh. Bu dargohga albatta, toza niyat, toza qadam bilan kirish kerak. Hamma yaxshi ishlashi kerak.

       Olimjon  USANOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.