HIND JAMIYATIDA TAQABA TIZIMINING IJTIMOIY-MA’NAVIY HOLATINI DUNYO OLIMLARI TOMONIDAN O‘RGANILISHI

Hindiston azaldan jahon xalqlarini o‘zining qadimiy madaniyati, boy falsafiy merosi, go‘zal tabiati va bitmas tuganmas tabiiy boyliklari bilan qiziqtirib kelgan. Bu borada qadimda turli mamlakat sayyohlarining Hindistonni o‘rganish maqsadida u yerga qilgan safarlari va safar taassurotlari asosida yaratib qoldirgan esdaliklari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ulardan, ayniqsa, Gretsiyalik Megasfen, Xitoylik sayyoh Syuan Szin, O‘rta Osiyolik Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” hamda Rossiyalik Afanasiy Nikitin[1] yaratgan qomusiy asarlar hanuzgacha barcha xalqlar uchun Hindiston va Hind xalqi haqida to‘liq ma’lumot beruvchi eng qimmatli va boy asarlar sifatida xizmat qilib kelmoqda.

Hindiston noyob tarixga ega, yurtimiz bilan azaliy va mustahkam savdo-iqtisodiy aloqalar, eng muhimi, samimiy do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan mamlakat sifatida ma’lum. O‘zbek va Hind xalqlarining tarixi, adabiyoti, musiqasi, tasviriy san’ati va me’morchiligida ham mushtarak jihatlar ko‘p deb ta’kidlagan edi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov.

Hindistonda jamiyatning tabaqalarga ajratilishi azaldan mavjud hodisalardan biri bo‘lib, insonlarning haq-huquqlarini poymol qilib kelgan. Lekin, bu muammo dastlabki davrda ham bugungi kunda yani XXI asrda ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotmay kelayotgani mazkur muammolardan biri sifatida saqlanib qolmoqda. Hindistonda tabaqa (kasta) tizimining tarixda mavjud bo‘lgani va uning bugungi kungacha saqlanib qolish sabablarini diniy, ijtimoiy, madaniy, huquqiy nuqtai nazardan yoritishga harakat qildik. Mavzuga kirishdan avval “tabaqa” atamasining Hindistonda qo‘llanilish tarixiga to‘xtalib o‘tish lozim.

Tabaqa (kasta) atamasining asl kelib chiqishi, Hindiston davlati yoki Hind xalqi bilan bog‘liq emas. Bu atama Hind jamiyatida yaqindan, yani XX asrlardan boshlab Yevropalik bosqinchilar tomonidan qo‘llanila boshlagan. Hindistonda esa jamiyat a’zolarining tasnif qilinishining o‘ziga xos tartibi mavjud bo‘lib, ular: varna va jat atamalari bilan nomlanadi[2]. Bizga ma’lumki, Hind jamiyatida to‘rtta tabaqa, yani to‘rtta varna (chatur vanya) bo‘lib, ular: brahmanlar, kshatriylar, vayshiylar va shudralardir. Hind jamiyatida varnalardan tashqari yana jatlar bo‘lib, bu kishilarning kasb-koriga qarab guruhlarga ajralishidir va bu bo‘linishlar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan to‘rt varnaning ichida mavjud bo‘lgan. Masalan, o‘g‘rilar, kosiblar, duradgorlar yoki ruhoniylar jatlari va hokozolar. Jat tartibi kasta kengashi (khappanchayatami) tomonidan nazorat qilib borilgan. Udum bo‘yicha varnalarning bir-biriga aralashuvi o‘ziga xos bir jinoyat hisoblangan. Bunday qarashlar oqibatida ko‘p hollarda jamiyatda nizolar kelib chiqqan, ayniqsa turli jat vakillari o‘rtasida oila qurish masalasida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Zamonaviy Hind jamiyatidagi bo‘linish kasta (tabaqalanish) yoki varna emas, balki mana shu jatlar asosidadir.

XIV-XVI asrlarda Yevropa uyg‘onish davrida antik ma’naviyat, ma’rifat va madaniyatga nisbatan yangicha nigoh bilan qarash tendensiyasi dinshunoslik fanining rivojlanishida ham muayyan burilish yasadi.

Ana shu jarayon sharofati bilan boshlangan diniy-falsafiy tafakkurning parvozi XVII-XIX asrlardagi nemis, ingliz va qator Yevropalik faylasuflar, dinshunos olimlar tadqiqotlarini erkin targ‘ib etishiga imkon berdi. Hindiston ijtimoiy hayoti va u yerdagi diniy vaziyatni o‘rganish borasida G‘arbda keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar qilingan. Lekin XIX asrgacha Hindiston jamiyati haqida hech qanday narsa yozilmagan. Faqatgina yangi davrga kelib, ba’zi bir Hind olimlari mavjud muammo va qiziqarli jihatlarni ko‘tarib chiqqanlar.

Keyinroq G.S.Men[3] va B.B.Pauella[4]larning ilmiy ishlarida Hind jamiyatiga bag‘ishlangan kitoblari chiqdi. M.M.Kobolevskiy mazkur asarlarni o‘rganib uni rus tiliga tarjima qildi[5]. Lekin mazkur olimlar Hindiston tarixi bo‘yicha mutaxassislar emas edilar.

Mustamlakachilik davri boshlangandan keyin, Hindiston ijtimoiy hayotida odamlar fikrlarida o‘z-o‘zini anglash jarayoni davom etdi. Jamiyatda o‘z-o‘zini boshqarish ruhiyati vujudga keldi.

O‘tgan asrning 70-80-yillariga kelib, bir qator jiddiy ishlar Hindiston mavzusiga bag‘ishlangan asarlar vujudga kela boshladi. Bularga rus hindshunos olimlaridan – L.B.Alaeva,[6] M.K.Kudryavseva,[7] E.M.Medvedeva,[8] Fransuz olimlari A.Bergen, B.Smis, S.Bamett, F.M.Myuller,[9] Germaniya olimlaridan M.Shetelix, E.Richl,[10] Hindiston olimlaridan L.B.Gopala,[11] N.S.Yadavi,[12] N.N.Khera,[13] N.Vagle,[14] R.S.Sharmi,[15] R.Thapar,[16] shuningdek, O‘zbekistonda hindshunos olimlardan I.Nizomiddinov,[17] N.G‘.Nizomiddinov,[18]  U.U.Muhibova[19]  kabi boshqa olimlar o‘rganishdi.

Hindiston ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘tmish va hozirgi kunda mavjud bo‘lgan tabaqa tizimining nechog‘lik Hind jamiyatiga ta’siri uning asl g‘oyasi va jamiyatni guruhlarga bo‘linish o‘rni, shuningdek, ahamiyatini xolisona o‘rganishni nazarda tutadi. Bitiruv malakaviy ishining vazifasi quyidagilardan iborat:

  •  “Manu qonunlari” (Manava-dharma-shastra)da tabaqa tizimiga bo‘lgan munosabatlarning yoritilishi uning bugungi kunda Hind jamiyatidagi ahamiyati va rolini tarixiy-qiyosiy jihatlarini ilmiy-nazariy tahlil qilish;
  • Hind xalqining buyuk farzandlari M.Gandi, J.Nerular shuningdek, musulmon va hind olimlarining tabaqa tizimiga oid ilmiy-falsafiy qarashlari asosida  o‘rganish;
  • Buyuk olim qiyosiy dinshunoslik otasi Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarida “Turli nomlar bilan nomlanuvchi Hind tabaqalari haqida” kelgan ma’lumotlarni o‘rganish va ularni qiyosiy tahlil etish.

    “Hindiston tabaqachilik tarixi”, xususan, qadimgi asrlardan to XXI asrgacha Hindiston ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, diniy hayotida din omili va insonlarning turli tabaqalarga bo‘linish sabablariga bag‘ishlangan bo‘lib, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalarni Hindistondagi asosiy muammolari bilan tanishtirishga yaqindan yordam beradi.

Sh.MAMADIYEV

         Respublika Ma’anvaiyat ma’rifat markazi

Surxondaryo viloyat

Qumqo‘rg‘on tuman bo‘linmasi rahbari,

Dinshunos


[