So‘nggi yillarda sanoat va shaharlashuvning jadal rivojlanishi, tabiiy resurslardan ortiqcha foydalanish atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois tabiatni asrash, ekologik muvozanatni ta’minlash va sog‘lom muhit yaratish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy dasturi bu boradagi muhim tashabbuslardan biridir. Dastur doirasida har yili daraxt va butalar ekilib, shahar va qishloqlar, yo‘l bo‘ylari hamda aholi yashash hududlarida yashil maydonlar kengaytirilmoqda. Bu ishlar hududlarni obodonlashtirish bilan birga, havo sifatini yaxshilash, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqiy asoslar ham takomillashtirilmoqda. Jumladan, 2024-yil 26-sentabrdagi tegishli Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan. Shuningdek, 2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Ekologik muammolarni hal etish faqat davlat tashkilotlarining emas, balki har bir fuqaroning vazifasidir. Chiqindilarni kamaytirish, ularni saralash, suv va elektr energiyasini tejash, daraxtlarni asrash kabi oddiy kundalik harakatlar ham atrof-muhit muhofazasiga katta hissa qo‘shadi.
Bugungi kunda chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya olish bo‘yicha ham zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan biogaz ishlab chiqarish, plastik, qog‘oz va metallni saralash hamda qayta ishlash orqali ekologik va iqtisodiy samaraga erishish mumkin.
Aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida turli obodonlashtirish va tozalik tadbirlari ham o‘tkazilmoqda. Bunday tashabbuslar hududlarni obod qilish bilan birga, yoshlarda tabiatga ehtiyotkorona munosabat va ekologik mas’uliyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Har birimizning hissamiz muhim
Atrof-muhitni muhofaza qilish bir kunlik tadbir emas, balki doimiy jarayondir. Har bir ekilgan ko‘chat, asrab qolingan daraxt, tejalgan suv va to‘g‘ri saralangan chiqindi kelajak uchun muhim qadamdir.
Tabiatni asrash — kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimiz. Zero, toza havo, sof suv va yashil muhit — sog‘lom hayotning muhim garovidir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining devonxona mudiri
Q. Zubadullayev