Yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularni barkamol insonlar etib tarbiyalash mamlakatimizda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Voyaga yetmaganlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Bu borada ota-ona, mahalla, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.
Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning barvaqt profilaktikasini ta’minlash dolzarb vazifalardan biridir. Zero, yoshlar — mamlakatimiz kelajagi.
Yoshlarni huquqiy himoya qilish
Yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni turli salbiy ta’sirlardan himoya qilish maqsadida mamlakatimizda qator qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida», «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida», «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida», «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning muhim huquqiy asoslarini belgilaydi.
Yoshlarning, ayniqsa, ish bilan band bo‘lmagan va muayyan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan qatlamini kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va foydali faoliyatga jalb etish ham huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish — barchamizning vazifamiz
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Bunda ota-onalar, ta’lim muassasalari, mahalla faollari va jamoatchilikning hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, kitobxonlik, san’at, fan va turli foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish, huquqiy savodxonligini oshirish salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yoshlar bilan individual profilaktik ishlarni kuchaytirish, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va tegishli yordam ko‘rsatish ham muhimdir.
Xulosa
Yoshlarni sog‘lom, bilimli, ma’naviy yetuk va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash — kelajak uchun eng muhim vazifalardan biridir. Har bir yoshning o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish mumkin.
Zero, yoshlarimizning bilim va salohiyati, ezgu intilishlari mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omilidir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
sudya yordamchisi M. Qurbonova