Bilim maskaniga yangi qanotlar qo‘shilmoqda

Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Yangi hayot «mahallasida joylashgan 67-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi 2002-yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Dastlab 240 o‘rinli qilib qurilgan ushbu ta’lim maskani 2008-yilda joriy ta’mirdan chiqarilgan.
Maktabda o‘quvchilar sonining yildan yilga ortib borishi va qo‘shimcha o‘quv binolariga ehtiyoj tug‘ilishi natijasida 2015-yilda 96 o‘rinli yangi bino foydalanishga topshirildi. Ta’lim bilan bir qatorda sportga ham alohida e’tibor qaratilib, 2016-yilda zamonaviy talablarga javob beradigan 24×12 metr hajmdagi sport zali barpo etildi.
So‘nggi yillarda qo‘shni mahallalardan ham o‘quvchilar kelishi ko‘payib, mahalla aholisi sonining ortishi natijasida 2024–2025-o‘quv yilida maktabdagi o‘quvchilar soni 570 nafardan oshdi. Shu sababli qo‘shimcha sinf xonalariga ehtiyoj yuzaga keldi va 2026-yilda maktab hududida 240 o‘rinli, ikki qavatli zamonaviy o‘quv binosi qurilishi boshlandi.
Bundan tashqari, 2002-yilda foydalanishga topshirilgan asosiy bino ham to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilmoqda. Ayni paytda qurilish-montaj ishlarining qariyb 95 foizi yakunlangan bo‘lib, yangi o‘quv yilidan boshlab bino to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa o‘quvchilar uchun O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida munosib sovg‘a bo‘ladi.
Maktabda darslardan tashqari fan va sport to‘garaklari hamda repetitorlik kurslari samarali yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 10–11-sinf o‘quvchilari orasida 40 nafardan ortiq milliy sertifikat sohiblari mavjud.
2025–2026-o‘quv yilida maktabni 57 nafar 11-sinf bitiruvchisi tamomladi. Ularning barchasi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Hozirgi kunda maktabda 60 nafardan ortiq pedagog faoliyat yuritib, yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelmoqda.

Mamayusupova Dildora,
Termiz Davlat Universiteti jurnalistika yo’nalishi 1 kurs talabasi