Tadbirkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Lekin tadbirkor o‘z faoliyati davomida muayyan to‘siq yoki muammoga duch kelishi tabiiy. Bunday vaziyatda ularning haq-huquqlarini himoya qilishda sudlarning alohida o‘rni bor.
Tadbirkorlarning huquq va erkinliklari mustahkam himoyada bo‘lgan, biznes vakillariga qulay imkoniyat yaratilgan va ularning muammolariga yechim topishga alohida e’tibor qaratilgan davlat jadal taraqqiy etadi, jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi baland bo‘ladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan ishlar milliy iqtisodiyotni yangi bosqichda rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, odil sudlovni samarali ta’minlash, sudlar mustaqilligini amalda ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan bir qator Farmon va qarorlar mamlakatda tadbirkorlik faoliyatining keng quloch yoyishiga zamin yaratmoqda.
Yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilgani, birinchi marta Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va hududlarda ma’muriy sudlar tashkil etilgani, shuningdek, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini sudda himoya qilish kafolatini kuchaytirish maqsadida iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bugun o‘zini to‘la oqlamoqda, desak ayni haqiqat. bugun iqtisodiy sudlar tom ma’noda, tadbirkorlarning, investorlarning chinakam himoyachisiga aylandi.
Zero, ular faqat ma’lum bir toifadagi ishlarni ko‘radi, bu nizolarni hal etish jarayonini tezlashtirishga va ularni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, biznesni saqlab qolish va darhol qaror qabul qilish masalalari turgan iqtisodiy ishlarda juda muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, bunday sudlarning ixtisoslashuvi va samaradorligi tufayli tadbirkorlar o‘z ishlarini vakolatli va mustaqil sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilishiga ishonch hosil qilishlari mumkin. Bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Sanjar Mavlonov, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta`minlash boshqarmasi prokurori