Davlatmiz rahbari tashabbusi bilan 2025-yilga «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» deb nom berildi. Bu qaror mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal qilish orqali iqtisodiy o’sishni ta’minlashga qaratilgan bir necha muhim omilga asoslangan. Dunyo bo’ylab atrof-muhitga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan holatlar ko’paymoqda. Jumladan, O’zbekiston ham iqlim o’zgarishi, havo va suv ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Atrof-muhit masalasini asosiy kun tartibiga olib chiqish davlatimizga ayni masalarni bartaraf qilish imkonini beradi, jamoatchilikda esa tabiatga e’tiborni kuchaytiradi. Har bir fuqaro atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lshi, asrab avaylashi, undan oqilona foydalanishi zarur.

O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida atrof-muhitni muhofaza qilish to’g’risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikka tortish masalalari O’zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksida tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik meyorlarida belgilangan. Ma’muriy kodeksda jinoyat turiga qarab turli miqdorda jarimalar to’lash va ma’lum huquqdan mahrum qilish jazolari ko’rsatilgan. O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 4-bo’limi «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar» deb yuritiladi. Jinoyat kodeksida Ekologiya sohasidagi turli jinoyatlar uchun jarima to’lash, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan mahrum qilish choralari belgilangan.

Sudlar tomonidan ham vakolatli organlarning da’vo arizalariga asosan artof-muhitga yetkazilgan zararni undirish haqidagi ishlar ko’rib chiqilib, sudning hal qiluv qarorlariga asosan aybdor shaxslardan yetkazilgan zararlar undirib olinmoqda.

Bugungi kunda dunyo miqyosida ekologik muammolar o’sib borayotgan bir vaqtda respublikamizda artof-muhitni asrab avaylash, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hududlarga mevali va manzarali daraxtlar ekish ishlari olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, barchamiz o’zimizning Konstitutsiyaviy burchimiz bo’lgan atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishimiz, kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashimiz zarur.

Qumqo’rg’on tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi                            T.Usmonov