Voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni reklama qilish taqiqlanadi

Qonunchilikka ko‘ra, quyidagilar taqiqlanadi:

energetik ichimliklar namunalarini voyaga yetmaganlar o‘rtasida reklama qilish maqsadida bepul tarqatish;

voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni reklama qilish;

asosan voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan bo‘lsa;

voyaga yetmaganlar orasida energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va boshqalarni) tarqatish, shu jumladan sotish;

asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida hamda tashkilotlarida energetik ichimliklarni reklama qilish.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Mengliqulov Sayfiddin.

Ayrim fuqarolarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya beriladi.

“Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (204-son, 16.04.2024 y.) qabul qilindi

Unga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi;

2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining “bazaviy me’yorlari”.

2024 yil 1 maygacha yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.

Qarorga muvofiq, quyidagi toifadagi iste’molchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etiladi:

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;

Yagona reestrga kiritilmagan, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar.

Shuningdek, isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga quyidagi kompensatsiya turlari taqdim etiladi:

noyabr oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beriladi;

elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:

tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;

elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Xursandov Olim.

Davlat raqami ko‘rinmaydigan transportdan foydalanish taqiqlanadi.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, davlat ro‘yxatlash raqam belgilari ko‘rinmaydigan, qalbakilashtirilgan, o‘zgartirilgan bo‘lsa, transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish, ana shu qurilmalarni musodara qilib, quyidagicha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi:

fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha);

mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 20 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha).

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Mamatov Faxriddin.

Yer olgan yoshlarga 100 mln so‘mgacha kredit ajratiladi.

“Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-153-son, 05.04.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim bo‘yicha talabgorlarga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

 Prezident qarorida nazarda tutilgan shartlarda va mablag‘lar doirasida talabgorlarga tijorat banklari tomonidan 7 yilgacha muddatga 100 mln so‘mgacha kredit ajratish;

Bunda, qaror doirasida barcha turdagi kreditlarni “mahalla yettiligi”ning kafilligi asosida ajratishga ruxsat beriladi hamda ular kreditlarning natijadorligi uchun teng javobgar bo‘ladi.

talabgorlarga mini-texnika, urug‘ va ko‘chat xaridiga “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 5 million so‘mdan subsidiya, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan – 33 mln so‘mgacha kredit ajratish;

joylardagi 167 ta “Agromarkazlar” orqali xususiy sektorni jalb etgan holda urug‘, ko‘chat yetkazish, mineral o‘g‘it berish, mini-texnika va agronom xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi hamda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar biriktiriladi.

Uzun tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i                                          U.Doniyarov

Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

“Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-59-son, 04.04.2024 y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 iyundan:

Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan  xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi (bundan budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno).

Bunda:

subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;

mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;

mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi;

2024 yil 1 iyundan quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:

mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Choriev Samad.