PARALIMPIYA SPORT MUSOBAQASI

Qumqo‘rg‘on tumani sport maktabining usti yopiq sport zalida Surxondaryo viloyati prokuraturasi va ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqaning tuman saralash bosqichi o‘tkazildi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Normo‘min Allanazarov musobaqani ochiq deb e`lon qildi. Qiziqarli sport o‘yinlari O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangraganligi bilan yanada maroqli bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan sportchilar parataekwondo, paradzyudo, parashashka sport turlari bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etdi. Parataekwondo musobaqasida 11 nafar, paradzyudo va parashashka sport o‘yinlarida 6 nafardan sportchilar g‘oliblik uchun kurashdi.

Tajribali hakamlar ishtirokchilarning sport usullarini qo‘llab, erishayotgan natijalarini baholadi. Yakuniy hisoblar bo‘yicha taekwondo musobaqasida Dilshodbek Toshboyev 48 kg, Jasur Umarqulov 58 kg, Sevinch Ibodullayeva 57 kg, Qizlarxon Isomiddinova 47 kg, Salim Yusupov 80 kg, Hasan Pardayev 68 kg vazn toifalarida faxrli birinchi o‘rinlarni egalladi. Paradzyudo sport turida Ollamurod Bo‘tayorov 60 kg, Furqat Jo‘rayev 73 kg, Sherali Jo‘rayev 81 kg, Ro‘ziboy Xo‘jaqulov +100 kg toifalarida g‘olib chiqdi. Parashashka bo‘yicha Sardor Jumayev shohsupaning birinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Faxrli o‘rinlarni egallagan sportchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘oliblar viloyat bosqichida qatnashadi.

                                                                                             N. MUHAMMADIYEV