Halifa va qassob

Halifa Xorun ar-Rashid xalq hayotini o‘rganish uchun faqir kiyinib, mol bozorini aylanib yursa, bir qassob sotuvchidan bir qo‘yning bahosini so‘rabdi.

Sotuvchi qassobga : “20 tanga”,- debdi .

Qassob buni eshitib: “Qo‘yingizning 14 kilo go‘shti va  4,5 kilo yog‘i bor… Uning narxi 15 tanga xolos”, – debdi va qo‘yni olmay ketibdi.

Halifa navkarlaridan biriga qo‘yni sotib olishni, ikkinchisiga qassob ortidan borishni buyuribdi. Ular bozorda o‘sha qo‘yni so‘yishibdi va qassob aytganidek, 14 kilo go‘sht va 4,5 kilo yog‘ chiqqanini ko‘rishibdi. Halifa navkarlariga qassobni topib kelishni buyurivdi. Qassobni olib kelishganida unga yana ikki qo‘chqorni ko‘rsatib, qancha go‘sht va yog‘ borligini so‘rashibdi. Ancha qo‘chqorlar so‘yilganidan so‘ng qassob aytgan miqdorda yog‘-go‘sht chiqibdi. Halifa qassobga qoyil qolibdi hamda undan dunyoviy va uxraviy ilmlardan so‘rabdi. Afsus, qassobning kallasi bu sohada bo‘mbo‘sh edi. Shunda xalifa debdi: “Ey qassobzoda! Nahot hayotni faqat qassobchilikda deb tushunsang? Qani senda Vatanga muhabbat, xalqingga muhabbat? Nahot halol va haromning farqiga yetmasang!” Halifa e`lon qilibdi: Ushbu qassob shuncha zehni, shuncha ilmi bo‘la turib, yo dunyoviy, yo uxraviy ilm olmagani, halol-harom farqiga bormagani uchun boshqalarga ibrat bo‘lsin deb, kelgusi juma kuni uni dorga ostiraman”,- debdi.

Hamma bu hukmdan rozi bo‘lib, uning odilligini tan olishibdi.

Ertasi kuni halifa qabuliga ikki yosh yigitcha kirib kelibdi. Xalifa ularning xulqu-axloqini ko‘rib: “Farzanding bo‘lsa, shunday bo‘lsin”, – deb o‘ylabdi. Yigitlar xalifadan gapirishga izn so‘rashibdi va ruxsatdan so‘ng deyishibdi: “Ey Amiral mo‘minin! Avvalo bizning bir qoshiq qonimizdan keching. Biz o‘limga hukm qilingan qassobning o‘g‘illarimiz. Otamizdan so‘ralgan savollarni bizdan so‘rasangiz”.

Halifa bolalarni uzoq savolga tutib, ulardagi ilm, yetuklikni sezib, kuchliroq olim kishilarni chorlab, ilm majlisi o‘tkazib, bolalarning zehni va ilmiga qoyil qolibdi va debdi: “Sizlarga tasanno, lekin otangizga chiqarilgan hukm hammaga ma`qul kelgan va ko‘pchilikka ibratdir”.

Shunda qassobning katta o‘g‘li: “Ey muhtaram jamoa! Bola — loy, ota va ona — kulol emasmi? Bola onadan o‘g‘ri, qotil yoki aldoqchi bo‘lib tug‘ilmaydi-ku. Uni tarbiyalovchi ota-ona va tashqi muhitdir. Otamizga chiqargan hukmni otamizga emas, uning otasiga chiqarish kerak edi. Otamiz o‘zi ilmsiz bo‘lsa ham, bizni shunchalik ilmli, ma`rifatli bo‘lishimizga sharoit yaratdi. Otamiz tahsinga loyiqdir”, — dedi.

Xalifa uzoq sukut saqladi va dedi: “ Ey, vazir! Sen endi iste`foga chiq. Shu bola menga vazir bo‘lsin.Ey, jallod! Qassobni olib kel, ustiga zarbop to‘n yop, bu elga ibrat bo‘lsin. Chunki bizning kelajagimiz — farzandlarimiz. Bola tarbiyalashdagi oliyjanobligi uchun qassob shunga loyiqdir. Qassobning otasi tirik bo‘lsa, olib keling, o‘lgan bo‘lsa, go‘ri ustiga o‘ttiz darra uring. Chunki shu qassob ham yoshligida o‘ta iste`dodli bo‘lgan. Otasi esa unga qassobchilikdan boshqa narsani o‘rgatmagan”, – deb hukmni o‘zgartiribdi.  

                                  Baxtiyorxon ABDUZOIROV,

Qumqo‘rg‘on tuman «Abu Bakr Siddiq» jome masjidi imom xatibi